Ayni kunlarda mamlakatimizda 6 oylikdan 5 yoshgacha bolalarni qizamiq-qizilchaga qarshi ommaviy emlash ishlari olib borilmoqda.
Buning uchun dastlab, ota-onalar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Barcha davolash-profilaktika muassasalarining emlash punktlarida karantin tadbirlariga rioya etgan holda: oraliq masofani saqlash, doka niqoblardan va antiseptik vositalardan foydalanib, qizamiq-qizilchaga qarshi ommaviy emlash kunlari tashkil etilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunovaning ta’kidlashicha, mamlakatimizda yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash dasturi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biridir.
– Jamiyat salomatligi, ayniqsa bolalar sog‘lig‘iga davlatimiz har tomonlama g‘amg‘o‘rlik qilmoqda. Ommaviy emlash bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklar bilan kasallanishni va o‘lim darajasini sezilarli kamaytirib, kelgusi hayot davomiyligini oshiradi. Uzoq aktivlikni ta’minlab, ayrim antroponoz kasalliklarni yo‘q qiladi, – deydi D.Tursunova. – Shu jumladan, bolalarni qizamiq-qizilchaga qarshi emlash ular salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatimizga 3 million 565 ming 500 doza qizamiq-qizilcha vaksinasi olib kelingan bo‘lib, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan 3 million 403 ming nafar bolani emlash rejalashtirilgan.
Emlash ishlari respublikaning 3138 ta davolash-profilaktika muassasalari, oilaviy poliklinika, QOP emlash punktlarida tashkil etilmoqda.
Ushbu emlash jarayonlari 30 noyabrga qadar davom etadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA