8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni gulistonlik Maqsuda Karimova va uning oila a’zolari uchun kutilgandanda ko‘proq bayram tuhfasini tortiq etdi.
Guliston shahar tibbiyot birlashmasi akusherlik kompleksiga yotqizilgan 1988 yilda tug‘ilgan Maqsuda Karimova bayram arafasida bir yo‘la uch nafar qizaloqli bo‘ldi. Uning farzandlari ikki qiz, bir o‘g‘ilni hisoblaganda olti nafarga yetdi.
Fotimaxon 2.200 kilo, Zuhraxon 2.500 kilo, Zahroxon 2.200 kilo vazn bilan akusherlik kompleksi tug‘uruq bo‘limida dunyoga keldi. Ayni vaqtda, onani, qolaversa uning bir-biridan shirin, jajji egizaklarining salomatligi yaxshi. Ular malakali mutaxassislar nazoratida.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur muassasada bundan bir oy muqaddam Boyovut tumanining Yangi avlod mahallasida yashovchi Irodaxon Mamatqulova ham uch nafar egizakni (Hasanjon 2,630 kg, Husanjon 2,870 kg, Yusufjon 2,700 kg) dunyoga keltirgan edi. Ayni vaqtda bu egizaklarning ham salomatligi yaxshi. Ular o‘z uyida, yaqinlari bag‘rida ulg‘aymoqda.
Sh. Suyarov, O‘zA