Odam savdosi jinoiy faoliyatning o‘ta tahqirlovchi turi hisoblanib, jamiyatimiz bunga qarshi kurashayotgan bir paytda, bu illatning og‘ir oqibatlarini bila turib jinoyatga qo‘l urgan onalar farzandlari voyaga yetganidan so‘ng ularning ko‘zlariga qaray olarmikin?
Xo‘sh A.I.ni o‘z bolasini nega sotmoqchi bo‘ldi? Nega uning bu niyatini bilgan otasi uni o‘z vaqtida to‘xtatish chorasini ko‘rmay aksincha, boladan tezroq qutilishi haqida maslahat berdi?
A.I. asli Xatirchi tumanida yashasa-da, ishlash maqsadida Navoiy shahriga kelib, kafelardan birida ishlab, ijarada yashab yurardi. 2019 yilning yozida bir yigit bilan yaqin munosabatda bo‘lib, undan homilador bo‘lib qolgan. Buni eshitgan otasi uni urib, qishloqda gap-so‘zga qolmaslik uchun bolani oldirib tashlashini talab qiladi.
Ammo ayol bolasini dunyoga keltirdi, gap so‘zlardan cho‘chib, o‘zi yashayotgan qishloqqa qayta olmadi. Shaharda ijarada yashaganligi, hech qayerda ishlamaganligi bois, moddiy jihatdan qiynalgan A.I. bolasidan qutilish payiga tushib qoldi. U o‘z bolasini sotishdek jinoyat yo‘lini tanladi.
Farzandsizlikdan qiynalgan K.D. ni uchratgani u uchun bu noxush holatdan chiqish yo‘li bo‘lib tuyuldi. K.D. o‘z bolasini 25 ming AQSH dollariga sotish niyatini bildirgan A.I.ga chaqaloq uchun shu narxga baholangan ikki xonali uy olib berishini taklif qiladi.
A.I. Karmana tumani hududida joylashgan “Qosim Shayx” jome’ masjidi binosi yonida Navoiy shahridagi xonadonning kadastr hujjatlarini olib, evaziga voyaga yetmagan farzandini K.D.ga topshirayotgan vaqtida Navoiy viloyat IIB va Karmana tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudida 1987 yilda tug‘ilgan, hali turmushga chiqmagan A.I.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, unga nisbatan sud hukmi o‘qildi. U O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi A.I.ning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonda ekanligini, muqaddam sudlanmaganligini, mahalla tomonidan unga nisbatan berilgan ijobiy tavsifnoma va kafillik xatini inobatga olib, uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkoniyati mavjud deb hisoblab, unga nisbatan JKning 57-moddasini qo‘llab, ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Shuningdek, unga har oyda bir marotaba Xatirchi tumani IIBdan ro‘yxatdan o‘tib turish, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Navoiy viloyati hududini tark etmaslik kabi qo‘shimcha cheklashlar yuklatildi.
“So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman”. Har bir fuqaro noqonuniy xatti-harakati uchun qonun oldida javobgardir.
Aziza Ro‘ziyeva,
Navoiy viloyati sudi jamoatchilik va
OAVlari bilan aloqalar bo‘limi bosh konsultanti
O‘zA