Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumani “Qurilish materiallari sanoatida 2023 yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar tahlili” mavusiga bag‘ishlandi.
Tadbir “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan tashkil etildi. Mas’ullar joriy yilning birinchi choragida bajarilgan ishlar tahliliga e’tibor qaratar ekan, unda sohada jami 5,1 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish 104,7 foizni hamda uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan o‘tgan chorakda 2 trillion 158,7 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani va bu o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati 100,3 foizni tashkil etganini qayd etdi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Bahrom Allabergenov so‘ziga ko‘ra, 2023 yilda sement ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansining parametrlari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, joriy yilda 17 million tonna sement ishlab chiqarish va shundan 7,6 million tonnasini birja savdolari orqali sotish belgilangan.
–Joriy yilning birinchi choragida jami 2,5 million tonna sement ishlab chiqarildi. Ushbu davrda birja savdolarida sotilgan 515,4 ming tonna sement iste’molchilarga yetkazib berildi. Shuningdek, 2023 yil yakuni bilan yiliga 5,8 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi va jami sement ishlab chiqarish quvvatlari 32 million tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 951,1 million dollarlik 27 ta loyiha bo‘yicha joriy yilda jami 193,9 million dollar o‘zlashtirish belgilangan. Shu yilning yanvar-mart oylari yakuni bilan 17,7 million dollar o‘zlashtirilib, reja 100,8 foiz bajarildi. E’tiborlisi, 2023 yilda 9 ta loyiha ishga tushiriladi va buning natijasida 840 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, –dedi B.Allabergenov.
Shuningdek, tadbirda hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturlari doirasida ushbu davrda 936 ta loyiha bo‘yicha 3 trillion 400 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilgani va ular samarasida yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi float oyna, yuqori markali sement, bazalt kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgani aytib o‘tildi.
–Joriy yilning o‘tgan uch oyida 97,9 million dollar miqdorida eksport amalga oshirildi, – dedi uyushma matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Jumladan, 14 million dollarlik PVX profillar va trubalar, 8,1 million dollarlik alyumin profillar, 11,2 million dollar miqdoridagi keramik plitka va keramika mahsulotlari, 8,3 million dollarlik quruq qurilish aralashmalari va sementdan bog‘lovchi materiallar, 9,7 million dollarlik oboy kabi qurilish materiallarining eksporti amalga oshirildi. Qurilish materiallari eksporti geografiyasi an’anaviy hisoblangan bozorlar, ya’ni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistondan tashqari Ozarbayjon, Turkiya, Kanada, Ruminiya davlatlari hisobiga kengaytirildi.
Matbuot anjumanida mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 192,5 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan reja 138,1 foizga bajarilgani alohida ta’kidlandi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA