Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, keyingi uch kunda 85 ta holatda 2,6 million kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish aniqlangan.
Bu holat sababli energetika tizimiga jami 1,16 milliard so‘m qiymatda zarar keltirilgan. Bu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 13,2 mingta xonadonning bir oylik iste’molidir.
Respublika miqyosidagi o‘rganishlarga asosan Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan «Baxtiyor Classic servis» MCHJda 202,6 million so‘mlik, Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Suvoqava Oqqo‘rg‘on» bo‘limi 144,3 million so‘mlik, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi «G‘alaba Qahramon ota» fermer xo‘jaligida 104,8 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Ayni kunlarda qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur noqonuniy holatlar Prezidentimizning joriy yil 12 dekabrdagi qaroriga asosan Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya», elektr ta’minoti korxonalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan joylarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlandi.
O‘zA