Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uch karra Osiyo chempioni Uzukjamol Yunusovaga uy berildi
18:40 / 2023-12-29

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘inidan “Yangi O‘zbekiston” massivi qad rostladi.

“Yangi O‘zbekiston” massivini foydalanishga topshirish marosimi katta tantanaga aylandi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar, sektorlar rahbarlari, mehnat faxriylari, mahalla faollari ishtirok etdi. 

Botir Zaripov o‘z tabrigida “Yangi O‘zbekiston” massiviga ko‘chib o‘tayotgan yosh oilalarni samimiy qutlar ekan, tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda, Qizilqum cho‘liga tutash “Qutchi” massiviga qarashli “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘inida ayni kunda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun ham erkin iqtisodiy zona tashkil qilinayotgani aholi ijtimoiy muhofazasi uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidladi. Mazkur hududda o‘nlab ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish barobarida birinchi bosqichda 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilib, odamlar moddiy manfaatdorligi oshiriladi. Bu “Yangi O‘zbekiston” aholi maskanida istiqomat qiladigan xo‘jaliklar uchun ham qo‘shimcha daromad manbai deganidir. 

Faqat shu emas, hududda tadbirkorlik sub’ektlariga qulay sharoit yaratish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda uzunligi 28 kilometr bo‘lgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishi jadal sur’atda olib borilmoqda. Bu esa hududning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish barobarida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining uy-joyga muhtoj qatlamlarini turar joy bilan ta’minlash imkoniyatini beradi. 

Tantanada duoga qo‘l ochgan nuroniylar yaratgandan yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘rab, tumanga ko‘rk bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo qilingan o‘ziga xos shaharcha va undagi shinam inshootlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi. 

[gallery-15275]

“Baraka” massivida barpo qilingan “Yangi O‘zbekiston” aholi maskanida ayni kunda 468 ta xonadonga mo‘ljallangan jami 24 ta, har biri 5 qavatdan iborat zamonaviy turar joy inshootlari qad rostlagan. Bu turar joylarning har biri 20 ta yosh oilani o‘z bag‘riga olishi barobarida tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi, oqava suv tarmog‘iga ulangan bo‘lib, atrofi mo‘’jaz shaharchani eslatadigan obod manzilga aylantirilmoqda. Bu qurilish ishlarida pudratchi sifatida jonbozlik ko‘rsatgan “Agro Mir Bulding” MCHJ va Zafar Jo‘raqulov boshliq binokorlar jamoasiga alohida minnatdorlik bildirildi. 

Hududda barkamol avlod ta’lim-tarbiyasi uchun 1 ming 56 o‘ringa ega 53-sonli, uch qavatli umumta’lim maktabi, 360 o‘ringa mo‘ljallangan 57-sonli, ikki qavatli shinam davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, uning yonidan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ikki qavatli oilaviy poliklinika qurib foydalanishga topshirilgani ko‘plarni mamnun qildi. Endilikda hududda o‘ndan ortiq savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchasi bilan birga istirohat bog‘i ham tashkil etilayotgani, turar joy inshootlari atrofi ko‘kalamzorlashtirilayotgani ayni muddao. 

Yig‘inning “Yangi O‘zbekiston” aholi maskanida barpo qilingan shinam turar joylardan dastlabkisi umidli sportchi, bir necha marta mamlakat va hatto, uch karra Osiyo chempioni Uzukjamol Yunusovaga bepul rasmiylashtirib berildi. Uning kelgusi yil mart oyida Jahon chempionatida munosib qatnashishiga katta ishonch bildirildi. 

Shu yerda viloyat rahbari va mutasaddilar shaharcha ko‘rinishini olgan massiv aholi vakillari bilan samimiy muloqot qilishib, turar joylarda yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi. 

“Yangi O‘zbekiston” massivining foydalanishga topshirilgani g‘ijduvonliklar uchun qo‘shaloq shodiyonaga aylandi. Tantana bahonasida to‘kin dasturxon yozilib, osh tortildi. Viloyat san’at ustalarining diltortar qo‘shiqlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.