O‘zbekiston moliyaviy xizmatlar bozori tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Bunda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalasi ham yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markaziy bankning so‘nggi qarorlari esa mazkur sohada tizimli nazorat va qat’iy javobgarlik mexanizmlari joriy etilayotganidan darak beradi.
2025 yilda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida TBC bank, Davr bank va Hamkorbank tomonidan sodir etilgan jiddiy qoidabuzarliklar aniqlandi. Ushbu banklarga nisbatan tegishlicha 615 mln so‘m, 931 mln so‘m va 955 mln so‘m miqdorida jarimalar qo‘llandi.
Biroq, bu raqamlar katta ko‘rinmasligi mumkin, asosiy muammo mablag‘ miqdorida emas, balki bank tizimidagi shaffoflik, qonun ustuvorligi va eng muhimi — mijoz ishonchining saqlanishidadir.
TBC bank qarzdorlikni qoplash uchun tushgan mablag‘larni belgilangan tartibda yo‘naltirmaganligi tufayli qarz oluvchilarga 2,5 mlrd so‘mdan ziyod ortiqcha foiz hisoblangan. Shuningdek, sud qaroriga asosan noqonuniy hisoblangan yana 1,7 mlrd so‘m foiz ham yuzaga kelgan. Bu holat bank tizimida adolatli hisob-kitob tamoyili buzilganligini ko‘rsatadi.
Davr bank xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarda xatolarga yo‘l qo‘yib, mijozlardan 1,7 mlrd so‘mdan ziyod ortiqcha foiz va 1,9 mlrd so‘m mablag‘ undirgan. Bundan tashqari, garov mulkini taqiqqa qo‘yish uchun undirilgan 461,6 mln so‘m ham qonunbuzarlik sifatida qayd etildi.
Eng katta qoidabuzarliklar esa Hamkorbankda aniqlandi. Ushbu bank mijozlardan qonunga zid ravishda 19,2 mlrd so‘m to‘lov, garov xizmatlari uchun 1,5 mlrd so‘m hamda shartnomada ko‘rsatilmagan holda 54,9 mln so‘m komissiya undirgan. Barcha ushbu mablag‘lar mijozlarga qaytarilishi shart.
Bu holatlar iste’molchilar huquqlarining nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham ko‘p hollarda buzilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Markaziy bank ushbu banklarga zararni qoplash va iste’molchilar huquqlarini tiklash bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan. Shuningdek, bunday holatlar jamoatchilikka ochiqlanib borilishi e’lon qilindi.
Bu jarayon bank tizimida shaffoflikni ta’minlash bilan birga mijoz ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Chunki moliya bozoridagi eng katta kapital — pul emas, ishonchdir.
Iste’molchilar huquqlarining buzilishi nafaqat alohida mijozlarga zarar yetkazadi, balki butun moliyaviy tizimning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli Markaziy bankning qonunbuzarliklarga qarshi qat’iy choralari banklar mas’uliyatini oshirish va sohaga nisbatan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA