"Inson qadri uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi onkologlari ham Sirdaryoda bo‘lib turibdi.
Mazkur ko‘rik doirasida dunyoda keng tarqalgan, ayollarda uchrayotgan ko‘krak bezi, bachadon bo‘yni, bachadon tanasi bilan bog‘liq saratonni erta bosqichlarda aniqlash bo‘yicha joylarda chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar tashkil etildi.
Bu esa hujayralardagi eng kichik o‘zgarishlarni erta bosqichda aniqlash, o‘sma belgilarini asoratsiz davolash imkonini beradi.
Ana shu maqsadda markaz, uning Sirdaryo filiali tibbiyot xodimlari, ginekologlar tibbiy tekshiruvlarni tashkil etyapti. Tekshirish jarayonlarida xavfli o‘smalarning ilk belgilari kuzatilgan ayollarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilyapti.
Xovos tumani tibbiyot birlashmasining ginekologiya bo‘limida ana shu kasallikning ilk belgilari bilan kasallangan 3 nafar ayolda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ushbu amaliyotni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi onkologi Bekzod Usmonov hamda markazning Sirdaryo filiali oliy toifali onkoginekologi Navro‘z Yuldashev o‘tkazdi.
– Ilk bemorda laparotomiya, bachadon ortiqlari bilan birga ekstirpatsiya, ommentektomiya - tuxumdonlar xavfli o‘smasi, ikkinchi ayolda laparotomiya, bachadonni tuxumdon bilan ekstirpatsiyasi - endometriy xavfli o‘smasi va xovoslik 3-bemorda tug‘ilayotgan fibromatoz tugun o‘smasi bilan bog‘liq amaliyot o‘tkazildi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali onkoginekologi Navro‘z Yuldashev. – Mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, ushbu turdagi kasalliklarning oldini olish maqsadida xotin-qizlarimiz, hech bo‘lmaganda yiliga bir marotaba ginekolog ko‘riklaridan o‘tib, o‘z salomatliklarini tekshirishlari zarur.
Viloyatda tibbiy tekshiruvlar davom etmoqda. Kasallikka tashxis qo‘yish, davolash ishlari malakali mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda. Bu esa ushbu turdagi kasalliklarni vaqtliroq davolash imkonini beradi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA