Jizzax viloyati sudi tashabbusi bilan Jizzax yuridik texnikumida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri zamonaviy huquqiy islohotlar, kasbiy an’analar va kelajak avlod tarbiyasi mavzulari atrofida kechib, samarali mulohazalar maydoniga aylandi.
Tadbirda sud organlari faxriylari, amaldagi sudyalar hamda yuridik texnikum o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Ushbu uchrashuvni Jizzax viloyati sudi raisi Akram Shukurov ochib, uch avlod vakillarining bir joyda to‘planishi yoshlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish, sud organlari faoliyatining ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Fuqarolik jamiyati barpo etishda sud-huquq islohotlari hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, G‘allaorol tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Furqat Muzaffarov o‘quvchilarga sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar va ularning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan sud faxriylari o‘zlarining yillar davomida orttirgan hayotiy va kasbiy tajribalari borasida so‘zlab berishdi. Ular adolatni qaror toptirish, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini himoya qilish kabi muqaddas tamoyillarning hayotda tutgan o‘rniga ham to‘xtalib o‘tishdi. Ayniqsa, sudyalik kasbida sadoqat, halollik va mas’uliyat kabi yuksak insoniy fazilatlar juda muhim ekanligini alohida qayd etishdi.
Muloqot savol-javob tarzida, ochiq va samimiy muhitda o‘tdi. Texnikum o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudyalar va faxriylardan batafsil javoblar olish imkoniga ega bo‘lishdi.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA