Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi va soha faxriylari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan bosh g‘oya asosida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazdi.

Termiz shahridagi San’at saroyida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Nodir Xoliqov tadbir ishtirokchilarini eng ulug‘, eng aziz bayram bilan samimiy muborakbod etib, mustaqillik yillari ichki ishlar organlarida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash va yosh avlodni shu ruhda tarbiyalash muqaddas burch ekani ta’kidlandi.


Uchrashuvda viloyat ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi a’zolari xalqimiz osoyishtaligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida xizmat qilgan yillarini yodga olib, o‘sha davr bilan hozirgi sharoitlarni qiyosladi. Xizmat davridagi o‘ziga xos qiyinchilik va mashaqqatlarni qayd etib, osoyishtalik posbonlariga, ayniqsa, keyingi yillarda qaratilayotgan e’tibor ularda o‘zgacha xavas uyg‘otayotgani haqida fikr almashdi. Faxriylarga ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirdi. Sohadagi tajribalarini baham ko‘rib, yoshlarga el-yurt ravnaqi, yurt tinchligi yo‘lida ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilayotgan sharoitlarga mos Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun xizmat qilish yuzasidan tavsiyalarini bildirdi.

Tadbir yakunida Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri san’atkorlari sahnalashtirgan “Kalvak Maxsum” spektakli namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri