Termiz garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari, faxriylar, Yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyat boshqarmasi hamda jamoatchilik vakillari Termiz shahridagi “Vatanparvarlar” harbiy-vatanparvarlik bog‘ida “Uch avlod uchrashuvi” ko‘rinishidagi davra suhbati tashkil etdi.
Mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Mudofaa vazirligi qo‘shinlari janubdagi viloyatda harbiy-vatanparvarlik va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib, qat’iy fikr va jismonan sog‘lom avlodni kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Uchrashuvda keksa avlod vakillari bilagi kuchga to‘lgan yillarni xotirlab, ayni paytda yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Vatanimiz qo‘riqchilari harbiy xizmat nufuzi va harbiy xizmatchilar erishayotgan yutuqlar, Yangi O‘zbekistonni dunyoga keng tarannum etishda o‘g‘il-qizlarning o‘rni xususida fikr almashdi.
Tadbir doirasida yoshlar “Vatanparvarlar” harbiy-vatanparvarlik bog‘i bilan ham yaqindan tanishdi. Tinch, to‘kin hayotimiz posbonlari ularga bog‘dagi harbiy texnika va qurol-aslahalar, mustaqillik yillari osuda, obod turmushimiz uchun mardlarcha jon fido qilgan harbiylar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri