Mudofaa vazirligining Termiz garnizonidagi harbiy qismlardan birida “Uch avlod” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Mudofaa vazirligining jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyati bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Janubiy operativ qo‘mondonligi faxriylar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda harbiy pensionerlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, harbiy xizmatchilar, yoshlar ishtirok etdi.


Uch avlod vakillari dastlab harbiy qismda tinchligimiz qo‘riqchilariga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Boy kitob fondiga ega kutubxona, harbiy xizmatchilarning mahoratini oshirish, jangovar shayligini doimiy nazorat qilishga mo‘ljallangan o‘quv sinflari, buyuk sarkarda va davlat arboblarining jasoratga to‘la hayoti aks ettirilgan Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi. Ishtirokchilar uchun jangovar texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.


“Uch avlod” uchrashuvining asosiy tadbiri harbiy qismning zamonaviy ma’naviyat markazida o‘tkazildi. Unda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul xodimi Ma’murjon Shukurov, faxriylar kengashi raisi Tohir O‘rinov va boshqalar keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Prezidentimizning joriy yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, maxalla va nuroniylarni qo‘llab-quvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni hamda “Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvatlash vazirligi faoliyatinini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarorining mazmun-mohiyati, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi ahamiyati haqida fikr almashdi. O‘zlarining boy tajribasi, kasbiy faoliyati va bugungi yangilanishlar misolida o‘tgan yillar bilan hozirgi davrni qiyoslab, yoshlarga o‘z hayotlaridan xotiralarni hikoya qilib berdi. Vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarimiz an’analariga sadoqat ruxida kamolga yetib, milliy qadriyat va urf-odatlarimizni hurmat qilish yuzasidan qimmatli maslahat hamda tavsiyalar bildirildi.


–Mamlakatimimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan isloxotlarga e’tibor bersangiz yangilanishlar shiddati va taraqqiyot odimidan vaqt tezlashgandek tuyuladi, – deydi mehnat faxriysi Shokir ota Xodjayev.– Shu qisqa davrda yillab yechimini kutib yotgan muammolar barham topganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Katta marralar olinib, odamlarni hayotdan rozi qilishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilayotganini kuzatayapmiz. Ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish, ilm-fan, xizmatlar ko‘rsatish, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa barcha sohalarda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilmoqda. Endilikda bugungi hayot bilan o‘tmishdagi sharoitlarni taqqoslab, erishilayotgan yutuqlarimiz ortida turgan fidokorona mehnatlar qadriga yetishimiz zarur. Bu jarayonda biz, keksa avlod vakillari yoshlarga ibrat bo‘lib, tinch, obod Vatanimizga munosib o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashimiz kerak. Mazkur uchrashuv ham ana shunday ulug‘vor maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan yoshu-keksa ishtirokchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.

Uchrashuv yakunida faxriylar va nuroniylar sportning kurash, boks kabi turlari, harbiy qismning mu’jazgina issiqxonasida ko‘chatlarni ekish va parvarishlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi.
Bir guruh faol harbiy pensionerlar, nuroniy otaxon va onaxonlar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri