Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uch avlod uchrashuvida qadriyatlar tarannumi
09:42 / 2023-03-11

Nuroniylarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, yangi avlodga ta’lim-tarbiya, mehr berish xalqimizga xos ezgu fazilatlar sirasiga kiradi.

Asrlar mobaynida tobora sayqallanib, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan bunday qadriyat va an’analar, o‘zaro mehr-oqibat tushunchalari bugungi kunda ham g‘oyatda qadrlanadi. Oilaviy qadriyatlarning uzviy bir qismi bo‘lgan bu kabi udumlarni avaylab-asrash borasida xayrli tashabbuslar amalga oshirib kelinmoqda. Ezgu an’anaga aylanib borayotgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri ayni shu yo‘nalishdagi ta’lim-tarbiya jarayonini o‘zaro uyg‘unlashtirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.  

Farg‘ona viloyatidagi 400 mingga yaqin nuroniy otaxon-onaxonlar doimo davlatimizning e’tiborini his etib umrguzuronlik qilmoqda. Farg‘ona shahrida joylashgan “Afrosiyob” tantanalar majmuasida tashkil etilgan bu yilgi bayram tadbiriga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan ibratli oila sohiblari, nuroniy otaxon va onaxonlar, mehnat faxriylari hamda navqiron avlod vakillari taklif etildi.  

[gallery-10929]

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bayram ishtirokchilarini yaqinlashib kelayotgan yangilanish, bahor ayyomi Navro‘zi olam ayyomi bilan samimiy muborakbod etdi. Yurtimizda xalqimizga xos eng ezgu qadriyatlarni targ‘ib etishda “Uch avlod uchrashuvi” singari bayram tadbirlari muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Fayzli dasturxon atrofida jamul-jam bo‘lib, bir piyola choy ustida hamfikr, hamsuhbat bo‘lish o‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlashini qayd etdi.  

Samimiy suhbatlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Inson qadri ulug‘” tamoyili asosida o‘tkazib kelinayotgan uch avlod uchrashuvlari har bir oila, insonga e’tiborning yorqin namunasi ekanligi ta’kidlanib, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda bunday tadbirlarning ahamiyati beqiyos ekanligi aytib o‘tildi. Uchrashuvda so‘zga chiqqan nuroniylar yoshlarni hayotbaxsh islohotlar jarayonida faol va fidoyi bo‘lishga rag‘batlantirib, tinch-osoyishta hayot, dorilomon kunlar bardavomligi uchun ezgu tilaklarini izhor etdilar.  

Tadbir davomida faxriylarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bayram tantanalari viloyat san’at ustalari, yosh iste’dodlarning katta gala-konserti va teatrlashtirilgan tomoshasi bilan davom etdi. Dilbar taronalar, go‘zal raqslar, o‘yin-kulgular davrani yanada fayzga to‘ldirib, barchaga xushkayfiyat baxsh etdi.  

M.Sulaymonov,  

O‘zA M.Qodirov (surat), O‘zA