Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida yosh xodimlarda kasbga sadoqat, fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirish, ular o‘rtasida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida navbatdagi “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston bojxona xizmati Faxriylar uyushmasi hamda boshqarma hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda bojxona sohasida uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriylar — Bahrom Ibragimov, Ergash Jumanov va Ixtiyor Qosimov hamda boshqarma shaxsiy tarkibi va yosh xodimlar ishtirok etdi.


Tadbir davomida faxriylar o‘z tajribalari, hayot yo‘llari va xizmatdagi qiziqarli voqealar bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, Bahrom Ibragimov bojxona xizmatining shakllanish va rivojlanish bosqichlari haqida so‘zlab, “Bojxonadagi hayot yo‘lim” nomli kitobini ishtirokchilarga taqdim qildi.


Uchrashuvda korrupsiya va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan yiroq turish, xizmat vazifalarini vijdonan va halol bajarish, doimiy ravishda bilim va malaka oshirib borish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, yosh xodimlarga bojxona sohasidagi amaliy bilimlar, muammolarni hal qilish usullari va ishda faollikni namoyon etish yo‘llari haqida ham maslahatlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri