Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi” g‘oyasi asosida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. “Yangi O‘zbekiston — yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida o‘tgan ushbu tadbir avlodlar vorisiyligi, kasbiy an’ana va intizom masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarning 2025 yil davomida erishgan yutuqlari e’tirof etildi.


Faxriylar o‘z so‘zlarida har qanday tizim taraqqiyoti, jamoaning samarali faoliyati eng avvalo intizom, mas’uliyat va kasbga sadoqatga bog‘liq ekanini alohida ta’kidladilar.


Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyida o‘tgan tadbir davomida 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyat kuch tuzilmalari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari ham taqdirlandi. Unda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Jizzax viloyati IIB jamoasi, shuningdek, bilim yurtining faol o‘quvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir doirasida mehmon sifatida ishtirok etgan faxriylar ichki ishlar organlari tarixi muzeyiga tashrif buyurib, tizimning boy tarixi va bosib o‘tgan yo‘li bilan yaqindan tanishdilar.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri