Andijon viloyati Buloqboshi tumanida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Vatanparvarlik oyligi doirasida tumandagi “Qaqir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda uyushmagan yoshlarning qishki ta’til davrida bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga ko‘maklashish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli Buloqboshi tumanidagi harbiy qism tashabbusi bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda Afg‘on urushi faxriylari, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Afg‘on urushi faxriylari yoshlar bilan urush yillariga oid xotiralarini o‘rtoqlashdi, harbiy xizmatchilar esa harbiy xizmatning mas’uliyati, milliy armiyamiz salohiyati va Vatan himoyasining muqaddas burch ekani haqida fikr bildirdi.

O‘zaro muloqot davomida urush faxriylari va harbiylar yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi. Tadbir doirasida namoyish etilgan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi esa yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
– Yoshlar harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirga ishtiyoq bilan qatnashdi, – deydi katta leytenant Boburjon Oltiboyev. – Qolaversa, tadbir yoshlarimizning chegara qo‘shinlari, milliy armiyamiz va uning kuch-qudratiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Harbiy qism askarlarining harbiy texnika va jangovar qurollardan foydalanish borasidagi ko‘rgazmalari, muloqot hamda suhbatlari yoshlarning harbiy burchga bo‘lgan qiziqishini, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari