Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uch avlod uchrashuvi
17:26 / 2025-08-08

Jizzax viloyatida "Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” doirasida o‘tkazilgan muhim tadbirlar qatorida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi uchun tashkil etilgan Sharof Rashidov nomidagi davlat muzeyiga sayohat alohida o‘rin egalladi.

Bu nafaqat tarixiy merosga bo‘lgan hurmatni yanada kuchaytirish, balki vatanparvarlik va millatga sadoqatni avloddan avlodga olib o‘tish maqsadida qilingan muhim ma’naviy tadbir bo‘ldi.

O‘zbekistonning mustaqillik yillari yuksalishida yosh avlodni ma’naviy jihatdan tarbiyalashning alohida o‘rni bor.  Ana shu nuqtai nazardan tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Milliy gvardiya hamkorligida o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda faxriylar va yoshlar o‘z tajribalari va fikrlari bilan o‘rtoqlashib, millat, sadoqat hamda  vatanga  xizmat qilish borasidagi o‘z mulohazalarini ham bildirib o‘tishdi.

Jizzax viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Faxriylar kengashi raisi Inoyatulla Qahhorov va shoir va adiba Mehribon Abdurahmonova kabi faollar ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot yoshlar qalbida Vatanga muhabbatni yanada kuchaytirdi. Muzey ekspozitsiyalari esa tarixiy voqealar va buyuk shaxslarning hayoti orqali milliy g‘ururni uyg‘otguvchi muhim omilga aylandi. Xususan,  davlat va jamoat arbobi, adib Sharof Rashidovning mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar har bir ishtirokchida tarixiy xotirani uyg‘otdi, ularning vatanga bo‘lgan mehr va mas’uliyatlarini  yanada oshirdi.

Shunday qilib, mazkur sayohat va uchrashuv nafaqat tarixni o‘rganishga, balki yurtoshlarimiz qalbida ma’naviy uyg‘onish va yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga xizmat qildi.  

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari