Nukusda “Nuroniylarni qadrlaymiz” shiori ostida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab uzoq yillar davomida yurtimiz va xal¬qimiz uchun fidoyi mehnat qilgan nuroniylar yoshlar tomonidan hurmat ehtirom bilan kutib olindi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri T.Xudaybergenov so‘zga chiqib, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faxriylar, soha vakillarining ibratli ishlarini alohida qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda uzoq yillar davomida xalqimiz farovonligi uchun fidoyi mehnat qilgan, yoshlardan o‘z maslahatlarini ayamaydigan yoshi ulug‘ insonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shu bois, mazkur uchrashuv muhim ahamiyatga ega. Tadbirda boshqa so‘zga chiqqanlar keksa avlod vakillariga ko‘rsatayotgan alohida e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
[gallery-6658]
Uch avlod vakillari bir das¬turxon atrofida dildan suhbatlashdi. Keksalarning nasihat va maslahatlari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, ularning ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida, bilimli, ziyrak, komil inson bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.
Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi va yurtimiz, xalqimiz uchun fidoyi mehnat qilgan qahramonlarning boy turmush tajribasi, ibratli hayoti to‘g‘risidagi maxsus film bilan davom etdi.
Albatta, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarni har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi hamda mehnat faxriylarining hayotiy tajribalari bilan yaqindan tanishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA