Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasida Ochiq eshiklar kuni doirasida "Dunyodagi eng kuchli jangchi bu o‘zbek jangchisi" shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Dastavval o‘quvchi-yoshlarga saf maydonida harbiy texnikalar, jixozlar, tog‘ tayyorgarligi anjomlari, bir kunlik oziq-ovqat va kiyim-kechak ta’minotlari, harbiy aloqa vositalari hamda tibbiy anjomlar namoyish etildi.
Yoshlarda harbiy-vatanparvarlikni oshirishga qaratilgan ushbu ko‘rgazmalarda o‘quvchilar bir kun bo‘lsada, o‘zlarini harbiylardek his etishdi. Shuningdek, ularga harbiy texnikalar va sohaning sir-asrorlari haqida ma’lumot berildi. Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar uchun maxsus vazifalarni bajaruvchi otryad shaxsiy tarkibining ko‘rgazmali qo‘l jangi chiqishlari namoyish etildi.
Bundan tashqari o‘quvchilar otlarda sayr qilish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.
Tadbirning ikkinchi qismi “Uch avlod uchrashuvi” bilan davom etdi. Unda Milliy gvardiya faxriylari hamda Milliy gvardiya saflarida xizmat qilayotgan jahon va Osiyo chempionatlari g‘oliblari bo‘lgan sportchilar ishtirok etishdi. Uchrashuv interaktiv tarzda savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Unda so‘z olganlar bugungi kunda o‘quvchi-yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib, o‘zlarining boy tajribalari bilan bo‘lishdi.
Amir Temur singari mard va jasur bobolarimizga munosib avlod bo‘lib yetishish darkorligi ta’kidlandi. Ayniqsa, sportchilarning erishgan yutuqlari, ularning chempion bo‘lish yo‘lidagi qiyinchiliklari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S-omGaMvBmQ" title="Uch avlod uchrashuvi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O‘zA