«Uch avlod uchrashuvi» haqiqatan va hamisha ta’sirchan tus oladi. Bugun Sirdaryo viloyat drama teatrida boshlanib, to‘yxonada to‘kin dasturxon tegrasida, kuy-qo‘shiqlaru xotin-qizlarning ommaviy raqslari ila maroqli kechgan «Uch avlod uchrashuvi» ana shunday shukuhli kechdi.
Tadbir minbarida Sharof Ubaydullayev o‘zining jo‘shqin nutqida yaqin o‘tmishni xotirladi. Pirovardida matbuotga e’tibor kuchaytirilishi zarurligiga viloyati mutasaddilari va «Sirdaryo haqiqati» bosh muharriri A. Po‘lat tomonidan urg‘u berildi.
Taniqli adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev yig‘ilganlarni intellektual bilimlarni oshirishga, viloyatning taniqli iste’dodlari ijodidan doimiy ravishda yaqindan tanishib borishga da’vat etdi.
Darvoqe, tadbir boshlanishi barovarida katta ekranda nafaqat bugungi kun, balki o‘tgan asrning 60-80 yillarida Sirdaryo viloyatiga oid tarixiy lavhalar namoyish etilgani ko‘pchilikni qiziqtirdi.
Umuman, markazdagi va hududlardagi faol yoshlar ham ishtirok etgan «Uch avlod uchrashuvi» tadbiri yaqin o‘tmishni unutmaslik, o‘z davri qahramonlari xotirasini e’zozlash lozimligi ta’kidlangani bilan ahamiyatlidir. Sirdaryo viloyatining 60 yilligi tantanasida o‘z davrida fidokorona umr kechirgan mardu maydonlar xotirlanadi va xotirlandi ham...
O‘zA