French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uch avlod uchrashuvi: har bir kun – bu imkoniyat
16:05 / 2023-08-12

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy qism va bo‘linmalarida faxriylarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatib, boy xizmat va hayotiy tajribalaridan keng foydalanish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

“Uch avlod uchrashuvi” shaklida tashkil etilgan navbatdagi tadbir Surxondaryo viloyatidagi “Yangiariq” o‘quv markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda DXX Chegara qo‘shinlari faxriylari iste’fodagi polkovnik Djumayev Qayum Qodirovich, podpolkovnik Salomov Faxriddin Bahriddinovich, harbiy xizmatchilar, shuningdek joriy yilda oliy harbiy ta’lim muassasalarini bitirgan yosh leytenantlar ishtirok etdi.  

Uchrashuvda faxriylar tomonidan bugun mamlakatimizda har jihatdan qudratli, professional armiyani shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, harbiy qism va bo‘linmalarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlanganlik darajasi, yurt himoyachilari hamda ularning oila a’zolarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyalash, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitlarini yaratish borasidagi samarali chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.  

Shuningdek, hozirda milliy armiyamiz saflarini malakali, yosh ofitser kadrlar bilan butlash, ularning ilm-fan va axborot-texnologiyalari yutuqlaridan xabardor, zamonaviy harbiy xizmatchilar sifatida shakllanishlarini ta’minlash maqsadida oliy harbiy ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar va keng imkoniyatlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.  

O‘tayotgan har bir kun – bu imkoniyat va kelajak uchun poydevor ekanini inobatga olgan holda yosh, shijoatli harbiylar doimo o‘z ustida ishlab, kasbiy mahoratlarini oshirib borishi, dunyoqarashini kengaytirib, mintaqamiz va dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan ham ma’nan, ham jismonan barkamol yurt himoyachisi bo‘lishga intilishlari kerakligi faxriylar tomonidan alohida ta’kidlandi.  

O‘z navbatida yosh leytenantlar ham tajribali ustozlarga tashrif va ibratli suhbat uchun minnatdorlik bildirib, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash yo‘lida ularning ezgu ishlarini davom ettirishga qodir, yurtga sadoqatli munosib avlod bo‘lish uchun bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etishlarini aytib o‘tdi.  

– Bugungi tadbir samimiy muloqot tarzida kechdi. Uchrashuv davomida faxriylarimiz o‘zlarining hayot yo‘llari, tahsil olgan davrlaridagi mavjud sharoitlar, xizmat davrlaridagi voqealardan so‘zlab, moslashuvchanlikni oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi. O‘ylaymanki, bu kabi tadbirlar yosh leytenantlarimiz uchun juda foydali bo‘lib, ularga yaxshi motivatsiya bera oladi, – deydi mayor Jasur To‘laganov.  

“Jayxun” musiqiy jamoasi tomonidan namoyish etilgan badiiy chiqishlar, yurtga sadoqat, mehr-oqibat va ezgulikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ham tadbir qatnashchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.  

 

N.Bozorova,  

O‘zA