O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini hayotga tatbiq etish, ayniqsa, yoshlar ongida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda universitet talabalari bilan bir qatorda mahallalarda yashovchi uyishmagan yoshlar, ishsiz fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar vakillari, shuningdek, hayot tajribasiga boy nuroniylar, “Buvijonlar maktabi” a’zolari hamda Afg‘oniston urushi veteranlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Prezident Murojaatnomasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shu bilan birga, to‘y-ma’rakalar va oilaviy marosimlarni tartibga solish, mahallalarda ajrimlarning oldini olish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, notinch oilalar bilan profilaktik ishlar olib borish, shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi.

Uchrashuv yakunida faol va tashabbuskor yoshlarga badiiy kitoblar sovg‘a qilinib, ularni ma’rifat yo‘lida izlanishga undadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA