Shu kunlarda Vetnamning Vungtau shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha 23 va 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida Osiyo chempionati musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Kuni kecha 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi qit’a chempionati bahslari yakunlanib, navbat U17 yosh toifasidagi bellashuvlarga keldi.

Chempionat nizomiga muvofiq, 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi qit’a chempionatining ilk kunlarida yunon-rum kurashi ustalari o‘rtasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Shiddatli kechgan qit’a chempionati sarhisobiga ko‘ra, yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medallariga ega chiqdi.

Mahoratli kurashchilarimizdan Faxrikamol Komiljonov -92 kilogrammda oltin, Farid Karomov -45 kiloda va Sadriddin To‘lqinboyev -55 kilo og‘irlikda kumush medallarga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Bunyod Hasanov, Otabek Tursunov, Humoyun Erkinov va Abduboriy Kozimjonov o‘z vaznlarida bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Bugun, 24 iyun kuni ayollar kurashi bo‘yicha musobaqalarga start beriladi. Vetnamda birinchi marta tashkil etilayotgan Osiyo chempionati musobaqalari 28 iyunga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA