Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) musobaqalar qo‘mitasining yanvar oyidagi qaroriga ko‘ra, 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi saralash tizimi tubdan o‘zgaradi.
Unga ko‘ra, endi ushbu yosh toifasida alohida saralash bosqichi o‘tkazilmaydi. Buning o‘rniga mintaqaviy federatsiyalar masalan, "CAFA" musobaqasi Osiyo Kubogiga yo‘llanma beruvchi turnir hisoblanadi.
Shu tariqa, "CAFA U17" chempionati Markaziy Osiyo jamoalari jumladan, O‘zbekiston uchun “Osiyo Kubogi-2027” yo‘llanmasi asosiy saralash vazifasini bajaradi, deya xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo (CAFA) mintaqasiga 3 ta yo‘llanma ajratilgan. Bu shuni anglatadiki, mintaqaviy turnirda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 3 ta jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qit’a birinchiligiga yo‘l oladi.
Boshqa mintaqalardagi kvotalar quyidagicha:
Janubi-Sharqiy Osiyo: 4 ta yo‘llanma;
G‘arbiy Osiyo: 4 ta yo‘llanma;
Sharqiy Osiyo: 4 ta yo‘llanma;
Janubiy Osiyo: 1 ta yo‘llanma.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA