Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
U dard bilan yozardi...
23:32 / 2020-12-04

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Shavkat Rahmon tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan «Har bir so‘z yetajak yuzta umrimga», deb nomlangan xotira kechasi tashkil etildi.

Shoir Shavkat Rahmonning 70 yilligi 

Yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslar, pedagoglar, yosh ijodkorlar va shoirning yaqin qarindoshlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid Shavkat Rahmon ijodining bugungi o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni haqida gapirdi.

Professor Qozoqboy Yo‘ldosh shoir she’riyatini tahlil qilar ekan, undagi dard va xalqchillikka alohida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim shoir haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Uning she’rlariga murojaat qildi. Ijodidagi o‘ziga xoslik haqida gapirdi.

–Shavkat Rahmon birovning hordig‘ini chiqarish uchun emas, dardni his qildirish uchun yozgan, –dedi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. – U ohang, mantiqsizlik ortidan quvmagan. U ma’no uchun kurashgan. Uning she’rlarida dard, ozorlanish ufurib turadi.Buncha dard bilan ko‘p yashab bo‘lmaydi, deb o‘ylab qolaman gohida. Shavkat Rahmon haqiqiy shoir edi. Na hushomod qilishni bildi, na bir soxta mulozamatni. U faqat rost yozdi, ko‘rganini, his qilganini yozdi. Shuning uchun ham sara o‘zbek shoirlari orasida uning nomi ham qayd etiladi. Uning tarjimonligi esa alohida mavzu.

Shoir asarlarida tarixga, kechmishga sayohat, hozirgi kunlarga tanqidiy baho yetakchilik qiladi. Shavkat Rahmon she’riyati

80 yillarda o‘zbek adabiyotida kuchli oqimni tashkil etgan lirik-falsafiy, isyonkorlik ruhidagi asarlar sirasiga kiradi. U o‘z she’rlariga g‘oyat ulkan mas’uliyat bilan yondashgan. Har qanday badiiy asarning quruq yoki chiroyli gap emas, balki chinakam jasorat ekanligiga ishongan shoir edi. Uning e’tiqodi bo‘yicha asl qalamkash «jasorat so‘zining tarjimoni» bo‘lishi kerakdir.

Tadbirda shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi.

Dilobar Mamatova, O‘zA