Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida tyutorlarning ham roli muhim ahamiyat kasb etmoqda. Talabalar bilan yaqindan ishlash, ular duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga to‘g‘ri yechim topish, ilmga yo‘naltirish va ma’naviy-ma’rifiy faolligini oshirish kabi eng muhim, ayni damda murakkab jarayonlar tyutorlar zimmasiga yuklangan.
Albatta, bunda ulardan tinimsiz mehnat, ulkan tajriba va malaka talab etiladi. Shuning uchun ham ular uchun doimiy malaka oshirish kurslari tashkil qilib kelinmoqda.
Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazida oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan tyutorlar uchun yangi o‘quv guruhlari o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu kurslardan ko‘zlangan maqsad tyutorlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim tendensiyalari va ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘zlashtirishdan iborat.

Yangi mavsumda 576 nafar tyutorning malakasini oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali respublika bo‘ylab ularning kasbiy salohiyatini oshirish va ta’lim jarayonidagi faolligini kuchaytirish maqsad qilingan.
Ta’kidlash joizki, o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun sohada katta tajribaga ega professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Darslar jarayonida tyutorlarga nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy keyslar, xalqaro tajriba va yangi pedagogik yondashuvlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Malaka oshirish kurslari onlayn va oflayn shakllarda tashkil etiladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, talaba-yoshlarning kelajagiga mas’ul bo‘lgan tyutorlar uchun ham ushbu kurslar katta ahamiyatga ega. Bu kabi amalga oshirilayotgan islohotlar yangi renessans bosqichiga narvon vazifasini o‘tasa ajabmas. Zero, yuksak marralarga dadil va to‘g‘ri qadamlar eltadi.
Sherbek Islomov, O‘zA