Xitoy va Markaziy Osiyo jurnalistlarini birlashtirgan “Xitoy bilan tanishamiz – Tyanszinga media sayohat” loyihasi o‘z ishini Tyanszin qadimiy madaniyat ko‘chasidan boshladi. Bu joy shunchaki tarixiy ko‘cha emas — bu Xitoyning madaniy ruhi va asriy urf-odatlarini o‘zida jamlagan tirik muzeydir.
Ko‘cha bo‘ylab qadimiy uslubda tiklangan binolar, an’anaviy hunarmandchilik do‘konlari, xitoycha yozuvlar va xushbo‘y choylar hidi mehmonni birdaniga boshqa davrga olib kiradi. Bu maskan har yili millionlab sayyohlar va mahalliy madaniyat ixlosmandlarini o‘ziga tortadi.
Tyanszin qadimiy madaniyat ko‘chasi (天津古文化街)

Bu ko‘cha 1986 yilda rasmiy ravishda ochilgan bo‘lsa-da, uning tarixi 17 asrga borib taqaladi. 600 metrdan ortiq masofani egallagan ushbu maskan “Xitoycha uslubda sayr qilish, an’analarni his qilish va o‘tmishga qaytish” degan shior ostida yaratilgan.

Media tur ishtirokchilari — CGTNning rus tili bo‘limi muxbiri Suo Yiqun va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jurnalisti Nozimbek Mardonov ushbu qadimiy ko‘chani birgalikda aylanib chiqib, Xitoyning an’anaviy madaniy jozibasini bevosita his qilishdi.

Ko‘cha bo‘ylab sayr davomida mehmonlar dunyoga mashhur “Niren Chjan” (泥人张) haykaltaroshlik do‘koniga ham kirishdi. Bu nom Xitoyning eng qadimiy va obro‘li xalq san’ati maktablaridan birini anglatadi.
“Niren Chjan” — bu Xitoyda 1800 yillarda paydo bo‘lgan loydan yasalgan miniatyura haykallar san’ati bo‘lib, uning asoschisi Zhang Mingshan hisoblanadi.

— Bu haykallar inson mimikasi, kiyim-kechak detallarigacha nihoyatda aniq va real ko‘rinishda ishlanadi.
— Biroq ular faqat tomosha uchun emas — bu san’at orqali tarixiy voqealar, xalq ertaklari, hatto siyosiy lavhalar ham ifodalanadi.
<iframe width="482" height="857" src="https://www.youtube.com/embed/RZTWmGD9b9M" title="Tyantszin manzillari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, O‘zA