Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
TXVU va O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi o‘rtasida memorandum imzolandi
20:53 / 2022-09-22

Bugun, 22 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti va O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Oliy Majlis Senati hamkorligida kuchga kirgan ushbu hujjatning asosiy maqsadi – TXVUning “innoWIUT” innovatsion tadbirkorlik markazidagi “korporativ innovatsiyalari” doirasida tadbirkor, investor va talabalar o‘rtasida aloqa o‘rnatishdan iborat.

Anjumanda “InvestHUB” ishga tushirilishi talabalarni Iqtisodiy Assambleyaning bir qismi bo‘lishga, mamlakatimiz iqtisodiyotiga ijobiy hissa qo‘shishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, tomonlar mazkur memorandum tartib-qoidalarini amalga oshirish maqsadida 2022 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini imzoladi.

Muloqot chog‘ida Assambleya va universitet har ikki tomon uchun hamkorlikning potensial afzalligini ochishga yordam beradigan “InvestHUB” nomli qo‘shma loyihani ishga tushirishi ma’lum qilindi.

Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov imzolangan hujjat xususida to‘xtalarkan, u oliygohda tahsil olayotgan talabalarning loyiha doirasida ishbilarmonlik salohiyati ortishini aytdi. Xorijiy tadbirkorlar bilan kechadigan muzokaralarning hayotiy jarayonlarida, jumladan, xalqaro hamkorlar o‘rtasida investitsiya, savdo va texnologiyalar transferi bo‘yicha kelishuvlarda ishtirok etishiga yaxshi platforma yaratilganini alohida qayd etdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “InvestHUB” loyihasi boshlanganidan so‘ng dastlabki ikki hafta ichida tomonlar bir yillik yo‘l xaritani tayyorlashlari to‘g‘risida so‘z yuritildi. Aytildiki, yo‘l xaritada tadbirlar, vazifalar va muddatlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Bunday yo‘l xaritalari tomonlar hamkorlikni davom ettirar ekan, doimiy ravishda tayyorlanadi.

– Memorandum doirasida har ikki tomon ishchi delegatsiyalarining muntazam tashrifi, dolzarb mavzularda anjuman, forum, seminar, davra suhbatlari o‘tkazish rejalashtirilgan. Talabalarimiz mazkur loyihalar orqali yurtimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shishiga ishonch bildiramiz. Manfaatlarimiz bir, harakatlarimiz birlashdi, – dedi TXVU rektori Bahrom Mirqosimov.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida muloqot muhitini shakllantirish, respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, chet davlatlardagi yirik korporatsiya va savdo tarmoqlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan.

Mamlakatimiz iqtisodi va biznes olami uchun yangilik bo‘lgan mazkur assambleya o‘zida 12 ta mahalliy ilg‘or assotsiatsiya va milliy markazlarni birlashtiradi. Davlatimiz iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar, qonunchilik va davlat dasturlarida nodavlat biznes sektori vakillarining ishtirokini taminlash, ularning mahalliy va xalqaro huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar faoliyatidagi masalalarni yuqori davlat tashkilotlariga yetkazishda ko‘maklashish tashkilotning ustuvor vazifalaridir.

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga kelsak, mazkur oliy ta’lim O‘zbekistondagi birinchi xalqaro universitet, qolaversa, Markaziy Osiyoda birinchi xalqaro Britaniya oliy ta’limini taqdim etuvchi muassasa.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA