Bugun, 17 may kuni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida «Inklyuziv universitet» anjumani o‘z ishini boshladi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Britaniya Kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Vestminster universiteti (Buyuk Britaniya) hamkorligida tashkil qilindi.
Muloqotda mamlakatimizda inklyuziv oliy ta’lim muassasalarini kelajakda rivojlantirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini (BRM) uzluksiz amalga oshirish, hamda O‘zbekistonda inklyuziv universitet ta’limining asosiy yo‘nalishi, ustuvor vazifasi va galdagi qadamlarini aniqlash bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Tadbirni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori Bahrom Mirqosimov ochib berarkan, shunday dedi:
– Bu muhim anjuman, oliy o‘quv yurtlariga kirish chog‘ida yoshlarimiz og‘ir sinovlarni boshidan kechiradi. Mazkur uchrashuv talaba yoshlarga imkoniyatdan teng foydalanishni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajriba va siyosatni yanada ilgari surish bo‘yicha muhim omil bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shu bois, universitetimiz ushbu dolzarb mavzularni kun tartibiga kiritish, shuningdek, har bir shaxs uchun barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga intilib kelmoqda.
Anjumanda, shuningdek, ayollar imkoniyatini kengaytirish, xotin-qizlarning ta’lim olishi, alohida ta’lim va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillarining ta’lim olish huquqi bilan bog‘liq ishlar xususida so‘z yuritildi. Amaliy seminar treninglar chog‘ida ishtirokchilar amaliy tadqiqot va mavjud to‘siqlarga oid misollar hamda ularni qisqa va uzoq muddatda hal qilish usullarini taqdimot tariqasida namoyish qildi.
Ma’lumot uchun, TXVU mamlakatimizdagi ilk xalqaro universitet bo‘lib, Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib xalqaro Britaniya oliy ta’limini taqdim etgan. Dargoh Buyuk Britaniyadagi Vestminster universiteti tomonidan to‘liq tan olingan muassasa hisoblanadi.
– TXVU missiyasi Markaziy Osiyo va xalqaro miqyosda hamjamiyatlarning intellektual, ijtimoiy va kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan xalqaro standartga muvofiq ta’lim va tadqiqot imkoniyatini taqdim etishdan iborat, – deyiladi universitet axborot xizmati xabarida.
– Oliy o‘quv yurti BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN), Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi va «Advance Highyer Education» (Buyuk Britaniya) a’zosi.
– Biz yoshlarga o‘z potensialini ro‘yobga chiqarish yo‘lida ko‘nikma, ishonch va aloqa orttirishga, kuchli va inklyuziv jamiyatda ishtirok etishga dastak beramiz, – deydi universitet rektori. – Biz yoshlarga ingliz tilini o‘rganish, sifatli ta’lim olish va xalqaro miqyosda tan olingan malakaga erishishda yordam beramiz.
Qayd etish joiz, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining san’at va madaniyat sohasidagi faoliyati ijodiy fikr va almashinuvni rag‘batlantirish. Britaniya Kengashi so‘nggi 25 yil mobaynida O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yurityapti.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri