“Twitter” SHHT kotibiyati akkauntini chekladi
“Twitter” Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibiyati akkauntini ochilganidan bir oy o‘tib, blokladi. Bu haqda tuzilma bosh kotibi o‘rinbosari Grigoriy Logvinov ma’lum qildi.
– Hozir dunyoda kechayotgan tektonik silkinish, keskinlashayotgan xalqaro munosabat yaqqol kuzatilayotgan, xalqaro hamjamiyat qarama-qarshilik girdobiga sho‘ng‘ib borayotgan bir paytda raqamli kenglik makoni jang maydoniga aylanmoqda, – dedi u Minskda bo‘lib o‘tgan V Yevrosiyo raqamli forumida so‘zga chiqib.
Mulozim tashkilot axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hujum va qo‘poruvchilikka qarshi turish uchun sa’y-harakatni kuchaytirishi muhim ekanini ta’kidladi.
– Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabat buzilishi SHHT kotibiyati faoliyatiga ham ta’sirini ko‘rsatdi, – deya qo‘shimcha qildi Logvinov. – Bir oy oldin ochilgan “Twitter” tarmog‘idagi akkauntimiz kompaniya egalari tomonidan yopib qo‘yildi.