Mutaxassislar fikriga ko‘ra, shakar va tuz inson salomatligini saqlash, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishda foydalidek ko‘rinsa-da, me’yoridan ortiq iste’mol qilinganda zararli. Chunki, har bir narsaning me’yori bo‘lgani kabi, ushbu turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining ham kunlik belgilangan me’yori bor.
Tuzning kunlik iste’mol me’yori 5 grammni, shakar mahsuloti me’yori 15 grammni tashkil etadi. Ammo bu me’yorga hamma ham amal qilavermaydi.
Ortiqcha tuz iste’mol qilish natijasida organizmda suyuqliklar to‘planib, shish paydo bo‘ladi. Qolaversa, gipertoniya ya’ni qon bosimi bilan bog‘liq infarkt, insult kasalliklari, ortiqcha iste’mol qilingan shakar mahsuloti hisobiga qandli diabet, onkologik kasalliklar kelib chiqadi, inson erta qariydi.
Sirdaryo viloyati Guliston shahrining “Ibratli” va boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida shahar tibbiyot birlashmasi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi xodimlari hamda patronaj hamshiralari inson salomatligini asrashga oid targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Targ‘ibot tadbirlarida tuz va shakar mahsulotlarining foyda va zararlari to‘g‘risida so‘z yuritilmoqda. Tadbirlar davomida mutaxassislar tomonidan 40 dan oshgan fuqarolar uchun skrining ko‘rigi ham tashkil etildi.
– Bu bilan cheklanib qolmaymiz, — deydi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi boshlig‘i Umida Murodova. — Bor e’tiborni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratmoqchimiz. Shu maqsadida hafta kunlarini o‘ziga xos nomlar bilan nomlab, dushanba "Stressga qarshi", chorshanba "Tamakiga qarshi kurash" , payshanba "Sog‘lom ovqatlanish", juma "Piyoda yurish", shanba "Salomatlik" kuni tadbirlarini rejalashtiryapmiz.
Bu kabi tadbirlar nafaqat Guliston shahrida, viloyatning boshqa hududlaridagi ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarda, aholi ko‘p to‘planadigan hududlarda muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘tgan 2022 yilda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan viloyatdagi 135 ta muassasa, 63 ta mahallada targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, shakar va tuzning foyda va zararlari, sog‘lom ovqatlanish talablari, sport bilan shug‘ullanish foydalari haqida ma’lumotlar berilgan, tarqatma materiallar tarqatilgan.
Shuhrat Suyarov, O‘zA