IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi oldidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda qator xalqaro tashkilotlar, hamkor xorijiy mamlakatlar antikorrupsiya idoralari bilan hamkorlikda turli tadbirlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda Markaziy Osiyo mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish organlari delegatsiyalari, davlat organlari fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doira vakillari, xalqaro tashkilotlar va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajribaga ega ekspertlar ishtirok etdi.
BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida «Aksilkorrupsiya siyosati hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish: strategiya va dasturlar» mavzusida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosati, xususan, milliy strategiya va dasturlarni ishlab chiqish, takomillashtirish va hayotga tatbiq etishga oid muhim masalalar muhokama qilindi. Bu borada O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi mavjud tajriba, shuningdek, xalqaro amaliyotdagi yutuqlar ko‘rib chiqildi.
Finlyandiyaning Huquq ustuvorligi markazi tomonidan tashkil etilgan muloqotda esa mahalliy darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ayni yo‘nalishda Finlyandiya tajribasi asosida davlat xizmatchilari uchun ishlab chiqilgan "Mahalliy boshqaruvda korrupsiyaga qarshi kurash" nomli qo‘llanma taqdimot qilindi.

Finlyandiyaning Huquq ustuvorligi markazi direktori Tuyya Braks o‘z mamlakatidagi korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga to‘xtaldi.
– Finlyandiyada ham yashirin, ya’ni mahalliy darajada korrupsiya bor, – dedi Tuyya Braks. – Shuning uchun qo‘llanma ishlab chiqdik. Ushbu qo‘llanma korrupsiyaning oldini olish, aniqlash va unga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlari qanday choralar ko‘rishi mumkinligini tavsiflaydi. Eng muhimi, ogohlikni oshirish va mahalliy amaldorlarga korrupsiya xavfi va shakllarini xolisona baholashga yordam beradi. Shu o‘rinda O‘zbekistonda har qanday fuqaro va davlat xizmatchilariga ta’lim olish imkoniyatini beruvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi tashkil etilayotgani alohida e’tirofga loyiq. Bu tashabbus barcha daraja va bo‘g‘inda korrupsiyaning oldini olishga katta yordam beradi.
Finlyandiya tajribasi asosida ishlab chiqilgan yuqoridagi qo‘llanma ham Virtual akademiya o‘quv dasturi uchun foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.
BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Gender masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘yicha treningda korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida xotin-qizlarning ta’siri, ularning boshqaruv faoliyatidagi o‘rni aniq amaliy misollar yordamida ko‘rib chiqildi.
Ushbu tadbirlar davlat xizmatchilari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, ommaviy axborot vositalari, soha mutaxassislariga korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalari, jahon amaliyotidagi dolzarb muammolar va ularning oqilona yechimlariga qaratilgan takliflar bilan tanishish imkoniyatini berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida muloqot uchrashuvi ham o‘tkazilib, unda hamkorlikdagi loyihalar holati, kelgusidagi reja va maqsadlar atroflicha muhokama qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA