Tarixdan sado
Yaqinda Baxmal tumanidagi Muzbel qishlog‘ida yashovchi shogirdim, jurnalist Orifjon Jumanov to‘yga taklif qildi. Bordim, to‘y ko‘pkarili ekan. Shu hududdan oqib o‘tuvchi Tuyatortar kanali sohilidagi keng maydonda baxmallik chavandozlar,Zomin, G‘allaorol, Qo‘shrabot, Forish va boshqa tumanlardan kelgan chapdast suvoriylar o‘z mahoratlarini namoyish etib, sovrin uchun bellashganini miriqib tomosha qildik.Men bu yerda qo‘shaloq zavq oldim: ham ko‘pkari ko‘rdim,ham afsonaviy Tuyatortar kanaliga razm solish imkoniga ega bo‘ldim. Uning ilon izidek egri-bugri o‘zani va suvining kanal tubidan qaynab chiqayotgandek ko‘rinuvchi g‘alati oqimi meni hayratga soldi.

Dunyoda ikki dengiz yoki ikki daryoni o‘zaro bog‘laydigan sun’iy suv inshootlari ko‘p. Xususan, Misrdagi Suvaysh, Amerika qit’asidagi Panama, Rossiyadagi Belomor kanallarini kim bilmaydi, deysiz? Ularning roli va olamshumul ahamiyati haqida uzoq so‘z yuritish mumkin.
Biroq ana shunday o‘ta murakkab inshootlarni dastlab bizning bobokalonlarimiz yaratgani, buning yorqin namunasi Zarafshon va Sangzor daryolarini o‘zaro tutashtirgan mana shu qadimiy Tuyatortar kanali ekanligini ko‘pchilik bilmaydi.

Bu yerga kelishdan avval muzbellik qariyalardan biri– O‘rol hoji bobodan mana bu rivoyat va tarixni eshitdim: ushbu kanal qurilishini boshlagan hukmron podsho Baxmal qirlariga kelganda kuch va aqli yetmasdan to‘xtab qolibdi.Shunda u qo‘shni mamlakatdan yordamga ming nafar odam yuborishni so‘rab, elchi jo‘natibdi. Bunga javoban bor-yo‘g‘i bir kishi kelibdi. Bundan jahli chiqqan hukmron qilichini sug‘urib, yordamga kelgan odamni chopib tashlabdi. Shu payt mo‘’jiza ro‘y beribdi: qilich zarbidan ikki bo‘lingan zot oq tuyaga aylanibdi va suv yo‘lini ko‘rsatib, yura boshlabdi. Odamlar uning izi bo‘ylab yer qazib ushbu kanalni bunyod etishgan va shuning uchun uni Tuyatortar, deb atashgan ekan.
Bu rivoyat, albatta, Lekin uning zamirida qandaydir haqiqatlar bor.Tarix manbalariga ko‘ra,Tuyatortar kanali Zarafshon daryosidan chiqarilgan va Mirzacho‘lni sug‘orish uchun mo‘ljallangan dastlabki qadimiy suv inshootlaridan biri hisoblanadi. U milod boshlarida qazilgan, 6-8 asrlarda o‘zaro urushlar va arablar istilosi davrida vayron bo‘lgan. 16-asrda Buxoro xoni Abdullaxon 11 davrida qayta tiklangan va uzaytirilgan. 1912 yilda Samarqand general-gubernatori tomonidan qisman qayta tiklangan. Sho‘rolar davrida kanal qayta qazildi. Uzunligi 108,2 km, suv o‘tkazish imkoniyati sekundiga 50 metr kub. Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 34 ming gektardan ziyod ekin maydonlari sug‘oriladi. Hozirgi kunda kanalning chuqurligi 2-3 metr, kengligi 7-8 metr. Baxmal tumanidagi bir qancha qishloqlar, xususan, Do‘smat, Gulbuloq, Changal, Shodmon, Alami singari yirik aholi punktlari uchun asosiy sug‘orish manbaidir.
Tuyatortar kanali bu shunchaki ikki daryoni bog‘lagan sun’iy ariq emas, balki ajdodlarimiz tafakkuri, bilimga tayangan amaliy zukkoligining yorqin ifodasidir. Asrlar qa’ridan bizga yetib kelgan bu inshoot xalqimiz suvni hayot manbai sifatida chuqur anglaganini, tabiat bilan kurashmasdan, uni anglab, unga mos yashashni uddalay olganini ko‘rsatadi.
Zarafshon va Sangzor daryolarini o‘zaro tutashtirish g‘oyasining o‘ziyoq o‘ta murakkab hisob-kitob, geografik bilim va muhandislik tajribasini talab etgan. Bu ish faqat kuch yoki tasodif bilan emas, balki suvning oqimi , yer relefi,mavsumiy o‘zgarishlar va inson ehtiyojlarini hisobga olgan holda amalga oshirilgan. Demak, bobolarimiz suv inshootlari barpo etishda ilmga, kuzatuvga va tajribaga tayangan.
Tuyatortar kanali asrlar davomida faqat dehqonchilikni rivojlantirishga xizmat qilmagan, balki butun hududning ijtimoiy- iqtisodiy hayotini ta’minlagan.U orqali yerlar obod bo‘lgan, qishloqlar barpo etilgan,odamlar hayoti barqarorlikka erishgan. Shu ma’noda, kanal taraqqiyot tomiri, suv bor joyda hayot mavjudligining dalilidir.
Falsafiy jihatdan qaralganda, Tuyatortar kanali xalqimiz tafakkurining yuksak namunasidir. Ajdodlarimiz tabiatga qarshi kurashmagan, balki uni anglab, unga mos yashash yo‘lini tanlagan. Ular suvni to‘sib qo‘ymagan –yo‘naltirgan, daryoni yo‘q qilmagan – balki undan oqilona foydalangan. Bu esa inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik g‘oyasining amaliy ifodasidir.
Bugun dunyo Suvaysh yoki Panama kanali bilan faxrlanar ekan , biz ham o‘z tariximizda bunday ulug‘ inshootlar borligini bilishimiz, ularni o‘rganishimiz va qadrlashimiz kerak. Chunki Tuyatortar kanali nafaqat muhandislik yodgorligi, balki milliy tafakkur, ilmga tayangan amaliy aql va zukkolik ramzidir.
Uni o‘rganish, targ‘ib qilish va qadrlash o‘tmish oldidagi burchimiz, kelajak oldidagi mas’uliyatimizdir.Xalqni buyuk qiladigan narsa faqat zamonaviy texnologiyalar emas,balki asrlar osha saqlanib kelayotgan aql, bilim va tafakkur merosini asrab. rivojlantirishdir.
Norbobo Shakarov, O‘zA