Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tuyaqushchilik serdaromad sohami?
12:27 / 2025-05-21

Internet manbalarida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, tuyaqush parvarishlash va uni ko‘paytirish ko‘p jihatdan foyda keltiradi, ya’ni serdaromad yo‘nalish. Uning tuxumi, go‘shti, hatto tirnog‘i va patlari ham daromad manbai ekan. Albatta, bu qanchalik haqiqatga yaqin buni mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritganlar biladi. Bunday deyishimga sabab bir necha yillar oldin ham mamlakatimizda tuyaqushchilik bilan shug‘ullanuvchilar safi kengayib qolgan edi, lekin keyin negadir uzoqqa cho‘zilmadi. Mayli bu yog‘i alohida mavzu.

Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz Qashqadaryo viloyat Kasbi tumani Shakarjo‘y mahallasida istiqomat qiluvchi Davronqul Ebotov esa tuyaqushlarning daromad keltirishidan ko‘ra, ko‘proq parranda sifatida uning ulkan ko‘rinishiga shaydo. 

– Ijtimoiy tarmoqlarda tuyaqush boqish sirlari haqida ko‘rib qoldim va menda ham bunga qiziqish uyg‘ondi, - deydi Davronqul aka. – Keyin qayerdan topish mumkinligini surishtirdim. Toshkent viloyati va Buxoro viloyatlaridan jami 10 ta jo‘jasidan olib keldim. Ular kun sayin ulg‘ayib bormoqda. Hatto tasavvurimdagidan ham tezroq. Kelganda bo‘yi 70-80 santimetr edi. Hozir esa bo‘ynini cho‘zsa 2 metrdan oshadi. Kelganiga 3-4 oy bo‘ldi xolos. Hovlimiz zooparkka aylanib qoldi, rosti. Uyimizga maktab yaqin, o‘quvchilar kunda kunora tomoshaga keladi. Aslida shundan zavqlanaman.

[gallery-23477]

Faqat zavqlanishning o‘zi yetarli emas. Bir tovuqqa ham don, ham suv kerak deganlaridek tuyaqushlarga ham gavdasiga yarasha yemish kerak. Davronqul aka boshlanishiga bu ishni qiziqishga boshlagan bo‘lsada, endilikda ularni ko‘paytirish, buning uchun esa yem xashak jamg‘arish lozimligi haqida bosh qotiryapti. Chunki ayni paytda ular kuniga 20-21 kilogramm bug‘doy yemoqda.

– Ochig‘i boshida parvarishlay olamanmi, yo‘qmi, deya tavakkal qilib, ishni boshlagan edim, - deydi D.Ebotov. – Qo‘y shuncha pulga qo‘chqor yoki buqa olib boqsang bo‘lmaydimi, deganlar ham bo‘ldi. Lekin undan, bundan so‘rab, parvarishlash sirlarini sekin-asta o‘rganib boryapmiz. Shukr natijalar yomon emas. Endi ularni ko‘paytirish, qulay sharoitlar qilish, ozuqa bazasini yaratish haqida o‘ylayapmiz. Shu maqsadda besh gektar yer so‘rab, tuman hokimiga bordim. Xayriyat hokim buva quruq qaytarmadi. Yer berishga va’da berdi. Nasib etsa yerni olsak, mo‘ljaldagi rejalarni amalga oshira boshlaymiz. Endi ortga yo‘l yo‘q. 

Albatta, katta-katta bizneslar ham mana shunday kichik tavakkalchilikdan boshlanadi. Chin dildan qilingan mehnat esa samarasiz qolmaydi. 10 ta tuyaqush bilan boshlangan tadbirkorlik kun kelib tuyaqushchilik fermasiga aylanib ketsa ajabmas. To‘g‘ri, bu hozircha xayoliy orzu, lekin Davronqul Ebotov orzularini haqiqatga aylantirishda davom etmoqda. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari