Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tuya mingan uzoqni koʻzlaydi
21:16 / 2020-06-11

Tuyachilik bugungi kunda yangi tarmoq sifatida qaralsada, Arnasoyning qadim oʻrni – Qizilqum choʻli ushbu jonivorlarning tarixiy vatani hisoblanadi.


Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida “Poultry raisning Arnasoy” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari, yosh tadbirkor Sobirjon Toʻychiyev qishloq xoʻjaligining noanʼanaviy tarmogʻi – tuyachilikni yoʻlga qoʻymoqda.

Tuyachilik bugungi kunda yangi tarmoq sifatida qaralsada, Arnasoyning qadim oʻrni – Qizilqum choʻli ushbu jonivorlarning tarixiy vatani hisoblanadi. Suvsizlikka chidamli, ozuqa tanlamaydigan bu jonivor ajdodlarimizning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilib kelgan. Choʻlning iqlimiga moslashgan tuyani bejizga “Sahro kemasi” deb atashmagan.

Biroq hozirgi zamonda tuyadan yuk tashish va transport vositasida foydalanishga ehtiyoj qolmagan boʻlsada, u koʻp goʻsht, shifobaxsh sut va qimmatbaho jun berishi bilan chorvachilikda muhim tarmoq sifatida ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

Bundan tashqari, tuya sutining shifobaxsh hususiyatlari xalq tabobatida qadamdan maʼlum boʻlgan. Keyingi yillarda ham tuya sutidan koʻplab kasalliklarni davolashda foydalanilmoqda.

Endilikda viloyatning choʻl hududlariga tutash Mirzachoʻl, Forish kabi tumanlarda qator tuyachilik xoʻjaliklari paydo boʻlayotir. Tuyachilikka yosh tadbirkorlarning ham qoʻl urayotgani esa tarmoqning istiqboli borligini koʻrsatib turibdi.

Kollejni bitirgandan soʻng tadbirkorlikda omadini sinab koʻrish harakatida yurgan Sobirjonga bobosining “tuyachilik bilan shugʻullan, oʻzim yordam beraman”, degan gapi dalda boʻldi. Uning bu niyatini amalga oshirishda Yoshlar ittifoqi tuman kengashi yordam berdi. Yosh tadbirkorga koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi tashkil etib, tuyachilikni rivojlantirish boʻyicha biznes loyiha tayyorlashda amaliy yordam berildi.

Yosh tadbirkorning loyihasini amalga oshirishga “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasidan 300 million soʻm imtiyozli kredit ajratilmoqda. Loyiha amalga oshirilishi bilan fermer xoʻjaligida qoʻshimcha 15 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

– Asosiy maqsad ham shu – yoshlarning bandligini taʼminlash, – deydi “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi tuman filiali rahbari Abror Otaqulov. – Shu maqsadda “Poultry raisning Arnasoy” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining tuyachilik yoʻnalishidagi loyihasi ham har tomonlama asoslagan. Loyihaning hisob-kitoblari, istiqboli oʻrganib chiqilib uni moliyalashtirish lozim topildi.

Xalqimizda “Tuyani minib, uzoqni koʻzla” degan maqolida aytilganidek, yangi tarmoqni rivojlantirishga dadil qoʻl urgan Sobirjon Toʻychiyevning ham rejalari katta. U tuyachilik xoʻjaligini sanoat asosida yoʻlga qoʻyib, hududdagi sanatoriya-davolash muassasalarini shifobaxsh tuya suti bilan taʼminlashni maqsad qilgan.