Luksordagi Shohlar vodiysida joylashgan Fir’avn Tutanhamon qabri yaxshi holatda saqlanmoqda, deyiladi Misr Turizm va qadimiy ashyolar vazirligi tarqatgan xabarda.
Avvalroq, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Tutanhamon qabri devorlaridagi yoriqlar tufayli qulash xavfi borligi haqida turli mish-mishlar tarqalgan edi.

– So‘nggi paytlarda ayrim xorijiy axborot manbalarida Luksorning g‘arbiy sohilida joylashgan Tutanhamon qabri devorlardagi yoriqlar va namlikning ko‘tarilishi tufayli qulash xavfi ostida turgani haqida xabarlar chiqqan edi. Misr Qadimiy ashyolar oliy kengashi bosh kotibi Muhammad Ismoil Xolid bu iddaolar mutlaqo yolg‘on ekanligini ta’kidladi. Devor tuzilmasi yaxshi holatda va hech qanday shikastlanish yo‘q, -deyiladi xabarda.
Tutanhamon qabri 1922 yilda taniqli britaniyalik arxeolog Xovard Karter rahbarligidagi qazishmalar paytida topilgan. Fir’avnning kolleksiyasi, jumladan, oltin niqobi keyinchalik Misr muzeyida saqlanadi.
Joriy yilning 1 noyabr kunida rasman ochilishi kutilayotgan Giza shahridagi Buyuk Misr muzeyida Tutanhamon xazinalariga bag‘ishlangan alohida zal tashkil qilinadi.
S.Rahimov, O‘zA