Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tut sayli
08:21 / 2024-05-15

Ayni kunlarda Vatanimizning qay go‘shasida bo‘lmang, Sayxunobod haqida gap ochsangiz, duch kelgan kishidan “Tomorqachilikning yangi tajriba maskanida” degan javobni olasiz. Har kuni tumanning barcha mahallarida turli viloyatlardan kelgan mehmonlarni uchratishingiz mumkin.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va respublika bo‘ylab ommalashtirilayotgan innovatsion tomorqachilik tajribasini amalda o‘rganib ketish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan Sayxunobodga  kelayotganlarning  qadami uzilmayapti. Bu xayrli harakat ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan ham keng yoritilmoqda.  

Biz quyida aynan jurnalistlar tomonidan Sayxunobod tumanidagi Farovon mahallasida, jurnalist To‘xtamish Boqiyev xonadonida asos solingan yana bir o‘rgansa arzirli tadbir xususida so‘z yuritmoqchimiz.

...1951-yilning  fevral oyi kunlaridan birida, qosh qoraygan palla edi, tog‘liq hududlardan ko‘chirma bo‘lgan kishilarning bir guruhi Sho‘ro‘zak nomli yaydoq dashtning bir burjiga ko‘ch-ko‘ron tashladi.

– O‘shanda nim qorong‘ilikda  “Hamma yoqni qor qoplagan ekan-da!” deb o‘ylagandik,  havo unchalik sovuq emasligidan ajablangandik,  – deydi mehmon sifatida so‘zga chiqqan mehnat faxriysi Davron hoji Jabborov. – Ertalab qarasak, hali qor deganimiz oppoq tuz ekan. Tuproq ustki qatlamini bir barmoq eniligida qalin sho‘r bosib yotardi. Biz To‘xtamishjonning otasi rahmatli Dodo do‘stim bilan, umuman qismatdosh qavm-u qarindoshlarimiz bilan mana shunday cho‘lni o‘zlashtirishda, uni bog‘-u bo‘stonga aylantirishda ishtirok etganimizdan mamnunmiz.

O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi To‘xtamish Boqiyev xonadonini vodiyliklar xonadonidan sira farqlay olmaymiz. 25 sotixli maydon bir bog‘ga aylanganki, ko‘rgan kishi quvnaydi. Bir qarich ham bo‘sh yer yo‘q.  

– 1991-yili hamma qatori 25 sotixli uchastka olganimda, bu yerga Balx tutlari eggandim, – deb eslaydi xonadon sohibi. – Mana ko‘rib turibsiz, ular azamat daraxtlarga aylangan. Har yili oilamiz, balki boshqa hududlardagi do‘st, birodarlarga yetib ortadigan hosil olayapmiz. Uchdan bir qismini quyoshda quritib, qoqiga aylantiramiz, yana bir qismidan qaynatib, shinni tayyorlanadi. Tut mahsulotlari yil bo‘yi dastuxonimizdan arimaydi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan To‘xtamish Boqiyev xonadoniga press -tur tashkil etildi va tadbir “Tut sayli” deb nomlandi.  

Tut mevasining qonni tozalovchi hamda immunitetni oshiruvchi shifobaxsh xususiyatlarga ega ekanligini hisobga olib,  vohaning turli tomonlarida yashayotgan, turli axborot tarmoqlarida ishlayotgan bir guruh hamkasblar Sayxunobod tomon chorlandi.

Hamkasblar  To‘xtamish Boqiyev xonadonida parvarishlangan tutlardan iste’mol qilib, mazza qilishdi.”Tut sayli” ko‘pchilikning esida qoladigan bo‘ldi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri