Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tut parvonasiga qarshi kurashish ishlari samarali olib borilmoqda
16:49 / 2025-07-17

Andijonda ipak qurti ozuqasi bo‘lgan tut daraxti va mavjud tutzorlarni tut parvonasi bilan zararlanishining oldini olish, kimyoviy ishlov berish orqali o‘z vaqtida kasallikka qarshi kurashish, bu borada belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘quv amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Andijon viloyati boshqarmasining Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati otryad rahbarlari, “Agropilla” MCHJ agronomlari, viloyat o‘simliklar karantini davlat inspektorlari va soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan seminarda mazkur yo‘nalishdagi yutuq va muammolar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim ishlar atroflicha muhokama qilindi. 

– Farg‘ona vodiysi hududlari iqlim sharoiti jihatidan tut parvonasi tarqalishiga moyil hudud hisoblanadi, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Andijon viloyati boshqarmasi qoshidagi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati rahbari Mansurbek Matholiqov. – Shu bois, tut parvonasiga qarshi kurashish tadbirlarini o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazish juda muhimdir. Seminarda ana shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan ishtirokchilarga zarur topshiriq, maslahat hamda tavsiyalar berildi. 

Ayni paytda Andijon viloyatida 22 million 856 dona yakka qatorli tut daraxti, 5 ming 127 gektar tutzor mavjud. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlarga asosan joriy yil davomida 5 million 441 ming dona yakka qatorli tut daraxti hamda 3 ming 478 gektar tutzorlarda kimyoviy ishlov berish ishlari o‘tkazilishi belgilangan. 

Kimyoviy ishlovlar o‘tkazish uchun viloyat bo‘yicha 6 ta maxsus otryad tuzilgan. Shu bilan birga, zarur texnika va kimyoviy vositalar ajratilgan, yoqilg‘i-moylash materiallarining zaxirasi yaratilgan. Bu boradagi ishlar belgilangan reja asosida tizimli ravishda olib borilmoqda. 

Seminar davomida mutaxassislarning mavzuga oid ma’ruzalari tinglandi, tut parvonasiga qarshi kurashish, shuningdek, zarur kimyoviy vositalardan foydalanish tartiblari bo‘yicha amaliy ko‘rgazmalar namoyish etildi, tavsiya va maslahatlar berildi. 

Pilla tayyorlash, ipak qurti ozuqa bazasining mustahkam bo‘lishi ko‘p jihatdan tutning sifati va hosildorligiga bog‘liq. Sifatli ozuqa bo‘lgan joyda mo‘l hosil olinadi. Seminar aynan ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, ishtirokchi hamda mutaxassislarning bilim, malaka va tajribasini boyitishga xizmat qildi.

  F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari