Tut ko‘chatlarini ishlab chiqarish uchun "In-Vitro" laboratoriyasi foydalanishga topshirildi
Andijon viloyatining Marhamat tumanida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda Oliy Majlis senati tashabbusi bilan respublikada yagona va birinchi pilot loyiha sifatida tut ko‘chati ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan "In-Vitro" laboratoriyasi tashkil etildi.
Endilikda ushbu laboratoriyada noyob tut navlari yetishtirilib mamlakatimiz bo‘ylab tarqatiladi. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash maqsadida laboratoriyaga yondosh xonadonlarda kichik issiqxonalar qurilib, har bir xonadon o‘zi tut ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha kelajakda kengaytirilgan tartibda har bir viloyat va tuman miqyosida tatbiq etilib, kelajakda ipak qurti uchun ozuqa bazasini kengaytirish, shu bilan birga, tut ko‘chatlarini eksport qilish imkoniyatini yaratadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA