Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tushovlangan tulpor” taktikasi: bayroqdorning jangdagi o‘rni qanchalik muhim bo‘lgan?
14:58 / 2025-12-01

Jang maydonida vaziyat qaltis. Dushman son jihatidan ustun, asosiy kuchlar hali yetib kelmagan, mag‘lubiyat esa muqarrardek go‘yo. Odatda bunday paytda sarkardalar himoyalanishni yoki chekinishni ma’qul ko‘radilar. Ammo tarixda shunday onlar bo‘ladiki, qo‘mondon o‘z askarlarini g‘alabaga yo‘llash uchun inson aqliga sig‘mas qarorlar qabul qiladi. Qo‘qon xonligi harbiy tarixida yuz bergan bir voqea borki, undagi taktik yechim har qanday harbiy darslikka kiritilishga arziydi. Bunda askarlarning ruhiyati va “ortga yo‘l yo‘q” degan qat’iy ishonchi hal qiluvchi rol o‘ynagan.

Qo‘qon xoni Olimxon hukmronligi davrida (XIX asr boshlari) Toshkent hokimi Yunusxo‘ja va Qo‘qon xonligi o‘rtasidagi ziddiyatlar keskin tus oladi. 1808 yilda Toshkent qo‘shini Qo‘qonga yurish boshlaydi va ikki qo‘shin G‘urumsaroy mavzesida (hozirgi Namangan viloyati Pop tumanida) to‘qnash keladi. Olimxon asosiy kuchlar bilan yetib kelgunga qadar, Xo‘jand hokimi Rajab qushbegiga dushmanni to‘sib turish buyuriladi.

Vaziyat Rajab qushbegi uchun og‘ir edi. Dushman kuchli, uning qo‘shini esa faqat vaqtdan yutishi kerak edi. O‘rta Osiyo harbiy an’analariga ko‘ra, jang maydonida bayroq (tug‘)ning yiqilishi yoki bayroqdorning ortiga chekinishi mag‘lubiyat belgisi hisoblangan. Agar bayroqdor ozgina ikkilansa yoki chekinsa, butun qo‘shin ruhiyati sinib, qochishni boshlardi.

Rajab qushbegi ushbu psixologik omilni chuqur anglagan holda, o‘ta tavakkalchi va noyob harbiy hiylani qo‘llaydi. U o‘z qo‘shinining bayroqdori mingan otning oyoqlarini tushovlab tashlashni buyuradi. Mirzo Olim Maxdum hojining “Tarixi Turkiston” asarida bu holat quyidagicha tasvirlanadi: “...Rajab qo‘shbegi qo‘shinini tug‘din yaroq o‘qi otib, ilgari sursa ham yarador tug‘ aslo joyidin harakat qilmay turganiga qozoqiyalar taajjub qolur ekan. Zeroki, tug‘ yaradorning otining oyog‘ida kishan bor uchun harakat qilmoqga qodir emas edi”.

Tasavvur qiling: jangning eng qizigan pallasi, o‘qlar va qilichlar zarbasi ostida turgan bayroqdorning jismonan qochish imkoniyati yo‘q. Uning oti harakatlana olmaydi, u faqat turishi va himoyalanishi mumkin. Buni ko‘rgan oddiy askarlar ham bayroqning mustahkam turganini ko‘rib, ortga yo‘l yo‘qligini, sarkardaning qarori qat’iy ekanini his qilishadi. Bu taktika qo‘shinga g‘ayritabiiy matonat bag‘ishlaydi.

Natija kutilganidek bo‘ladi. Asosiy kuchlar – Olimxon qo‘shini yetib kelgunga qadar, Rajab qushbegining bo‘linmasi o‘z pozitsiyasini mardonavor saqlab qoladi. Toshkent qo‘shini mag‘lub etiladi. Bu g‘alabaning kaliti qilichning o‘tkirligida emas, balki “tushovlab qo‘yilgan ot” va “ortga chekinish yo‘lining yo‘qligi”da edi. Rajab qushbegining ushbu harakati shunchaki ayyorlik emas, balki chuqur harbiy-psixologik tahlil mahsuli edi. U inson tabiatidagi qo‘rquv va o‘zini saqlash hissini jilovlashning yagona yo‘li – qochish imkoniyatini jismonan yo‘q qilish ekanini tushungan. 

Tarixning bu kabi lahzalari ajdodlarimizning harbiy salohiyati nafaqat jismoniy kuchga, balki o‘tkir aql va ruhiyatni boshqarish san’atiga asoslanganini ham ko‘ratadi. Rajab qushbegining tushovlab qo‘yilgan oti – bugungi kun uchun ham maqsad yo‘lida sinovlarga qat’iyatli turib, ortga qaytish yo‘li yo‘qligining timsoli bo‘lib xizmat qiladi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA