Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov 9-may –Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘ozg‘on shahrida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Tursunqul bobo Ergashev xonadonida bo‘ldi.
Uchrashuvda viloyat hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining otaxonga yuborgan bayram tabriknomasi hamda minnatdorchilik xatini o‘qib berdi va 20 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Tursunqul bobo qariyb 50-yil davomida o‘qituvchilik qilgan. 25-yil jamoatchilik asosida “Nuroniy” jamg‘armasini boshqargan. Turmush o‘rtog‘i Obod aya bilan 6 o‘g‘il, 1 qizni tarbiyalab, el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazishgan.

1941-yilda urushga ketib, Rossiyaning Janubiy Ural harbiy okrugida xizmat qilgan, Donbass, Kiyevni ozod qilishda, Chexoslovakiya janglarida ishtirok etgan otaxon janglarda yaralangach, gospitalda davolanib, 1945-yil 31-aprelda tug‘ilgan joyi G‘ozg‘onga qaytib kelgan.
– Urushdan keyin pedagogika bilim yurtida o‘qib, ko‘p yillar o‘qituvchilik qildim, – deya xotirlaydi otaxon. – Tarix fanidan yoshlarga saboq berdim. Ortda qolgan hayotimga nazar tashlar ekanman, ne-ne qiyinchiliklar, muammolar ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘tadi. Farzandlarimning, nevara-chevaralarimning kamolini ko‘rganimda esa qalbimdagi og‘ir dardlarni unutib, shukronalik keltiraman. Men ana shu zaminda tug‘ilganimdan, yashayotganimdan faxrlanaman. Bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Bu dorilomon kunlarning qadriga yetishimiz kerak. Ayniqsa, yoshlarimiz o‘tayotgan har bir kunimizdan o‘zlariga kerakli xulosalar chiqarishi, yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanishi lozim.

Tursunqul Ergashevning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Otaxon “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, “Jasorat” medali va “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Faxriy pedagog, ayni kunlarda keksalik gashtini surayotgan nuroniy otaxon samimiy suhbat chog‘ida tarixni yodga olib, bugungi tinchlik kunlariga shukronalar aytdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri