– Prezidentimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, madaniy meros ob’ektlarini saqlash va restavratsiya qilish hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan «yo‘l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi, – deydi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori vazifasini bajaruvchisi Tursunali Qo‘ziyev.
– Buni tor o‘ylamasdan, mohiyatini chuqur tushunib yetish kerak. Zaminimiz, xususan, Farg‘ona viloyatining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu yerda barcha davrga xos bo‘lgan bebaho meros durdonalari saqlanib kelinmoqda. Xususan, viloyatda 379 ta meros ob’ektlari bo‘lib, 117 tasi arxeologiya, 139 tasi me’morchilik, 32 tasi monumental, 88 tasi diqqatga sazovor joylarni tashkil etadi. Hatto Farg‘onada islom olami bilan birgalikda dunyo dinlarining ham ziyoratgohlari bor. Afsuski, sovet ittifoqi davrida eng ko‘p islom obidalari jabr ko‘rgan.
Madaniy meros ob’ektlarini asrash uchun Farg‘ona viloyatiga ham katta mablag‘ ajratilmoqda. Turizmni rivojlantirishda buning ahamiyati katta. Tarixiy obidalar, ziyoratgohlarga sayohat qilishning sururi boshqacha. Ammo ko‘pchilik madaniy merosning ahamiyatini anglab yetmayapti. Muammo shunda. Marg‘ilondagi «Xo‘ja Porso» masjidi binosining buzilishini olaylik. Albatta, buni hech kim qasddan qilgani yo‘q. Asosiy masala bu ob’ektning ahamiyatini bilmaganlikda. Agar jamoatchilikka madaniy ob’ektlarning qimmati haqida tushuncha bersak, uning oldiga baklajka va boshqa chiqindilarni tashlab ketmaydi. Biz ularning qadriga yetishimiz kerak. Birorta binoga zarar yetsa uni qayta tiklash, o‘zidan ham yaxshi qilish mumkin. Madaniy merosning nozik tomoni, uni buzgandan keyin qaytmaydi, asllikni yo‘qotadi. Shu bois ham biz bu kabi durdonalarimizni asrab-avaylashimiz, ularga munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak.
M. Sulaymonov, O‘zA