Toshkentda turizm sohasida biznes bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonga tashrif buyurgan Singapurlik hamkasblari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari U.A’zamov B2B uchrashuvini ochib berdi. U ikki davlat o‘rtasidagi madaniyat va turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Singapur Respublikasi bilan aloqalarni mustahkamlash va sayyohlar sonini oshirish maqsadida vazirlik tomonidan mazkur davlatning yetakchi turistik kompaniyalari vakillari va Singapur Sayyohlik agentliklari milliy assotsiatsiyasi (NATAS) boshchiligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun info-tur tashkil etildi.


Ikki davlat tadbirkorlari tomonidan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuv doirasida Singapurning EU Holidays, Pegasus Travel Management va Green Island Tours, PlanTrip kompaniyalari bilan hamkorlik qilish istiqbollari o‘rganildi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA.