French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Turon»ning ilk g‘alabasi, «Andijon»ning Namangandagi birinchi zafari, «So‘g‘diyona»ning mavsumdagi dastlabki mag‘lubiyati va boshqa o‘yinlar haqida
11:21 / 2021-07-05

Ortda qolgan haftaning so‘nggi uch kunida Coca-Cola Superligasining 12-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi va ularda bir qator kutilmagan natijalaru, qiziqarli voqealar qayd etildi.

2 iyul kuni o‘z maydonida kuchli oltilikda borayotgan «Metallurg»ni qabul qilgan «Turon» nihoyat mavsumdagi ilk g‘alabasini tantana qildi. Uchrashuvning 18-daqiqasida bekobodliklar jarima maydoni ichkarisida to‘pni qo‘l bilan o‘ynaganliklari uchun bosh hakam penalti belgiladi. «Lotoreya»dan Muzaffarjon Muzaffarov unumli foydalana bildi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin sur’ati yanada jonlandi. Mezbonlar yutuqni saqlab qolish, mehmonlar esa, turgan gapki tenglashtirishga xo‘p urinishdi. Hujumlar, xavfli vaziyatlar har ikkala jamoa tomonidan bir necha bor yuz berdi. Lekin gol urish baribir yana maydon egalariga nasib etdi. Qanotdan oshirib berilgan to‘pni jamoaning koreyalik legioneri, tinib-tinchimas Kim Boyong noqulay vaziyatda turganiga qaramay boshi bilan urib, Lobanovni lol qoldirdi. «Qizilqum» esa muvaffaqiyatli yurishini davom ettirdi. «Mash’al»ni qabul qilgan navoiyliklar birinchi bo‘limning o‘zida raqiblar darvozasini ikki bor nishonga olib, o‘yin taqdirini hal qilib bo‘lishgandi. Uch tur oldin pastki qatorda yurgan navoiyliklar o‘n kun ichida uchta o‘yin o‘tkazib, uchalasida ham g‘alaba qozonib, turnir jadvalining beshinchi pog‘onasiga o‘rnashib olishdi.

3 iyul kuni Namanganga safar uyushtirgan andijonliklar mavsumdagi ikkinchi g‘alabalarini nishonlashdi. Yutuqki, azaliy raqiblarning Namanganda andijonliklarning ilk zafari bo‘ldi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqalarida Jasurbek Jaloliddinovning hujumga otlanib, to‘pni chiroyli va aniq oshirishi natijasida Usmonali Ismonaliyev darvozabon bilan yolg‘iz chiqqan holda gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi o‘yinda «Qo‘qon-1912»ni qabul qilgan AGMK raqiblari ustidan ustunlikka erishib, turnir jadvalining ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarilib oldi.

4 iyul. Coca-Cola Superliganing 12-tur doirasidagi so‘nggi uch o‘yin o‘tkazildi. «Surxon» mezbon sifatida Olmaliqda «Bunyodkor»ni qabul qildi va yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. «Qaldirg‘ochlar»ning ushbu yutug‘i turnir jadvalida uch pog‘ona yuqorilashga – to‘qqizinchi o‘rindan oltinchi o‘ringa ko‘tarilishga xizmat qildi. «Paxtakor» va «Lokomotiv» o‘yinida «sherlar» ustunlikka erishdi. Mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirgan «Paxtakor» turnir jadvalida peshqadamlik mavqeini ancha yaxshilab oldi – o‘zining eng yaqin ta’qibchisi AGMKdan yetti ochkoga oldinga o‘tib oldi. Ancha jangovor va shu bilan birga asabiy o‘tgan «Nasaf» va «So‘g‘diyona» o‘yinida Husayin Norchayevning yagona goli qarshiliklarga g‘alaba in’om etdi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida jizzaxliklar mezbonlar darvozasini ishg‘ol etgan edi, biroq bosh hakamning qarori VAR tizimiga murojaat qilgandan keyin o‘zgardi va golni bekor qildi. Orada o‘n daqiqaga cho‘zilgan janjal yuzaga keldi. Bu pallada bosh hakam tomonidan uchrashuv asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan olti daqiqaning ikkinchi daqiqasi o‘tib borayotgandi. Janjallar bartaraf etilgach o‘yin davom ettirildi va bahsni yakunlab beruvchi xushtak yangradi. Xullas, «So‘g‘diyona» mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini «Nasaf»dan qabul qilib oldi.

Endi birinchi davraning so‘nggi – o‘n uchinchi turi yozgi ta’tildan keyin, 30 iyuldan davom ettiriladi.

Coca-Cola Superliga.

12-tur. 2 iyul, juma

QIZILQUM – MASH’AL - 2:0 (2:0)

Navoiy. «Yoshlar» sport majmuasi. 2419 tomoshabin.

Gollar: Erkin Baydullayev, 18 (1:0), Elguja Grigalashvili, 30- pen. (2:0).

TURON – METALLURG - 2:0 (1:0)

Yaypan. «O‘zbekiston» stadioni. 3953 tomoshabin.

Gol: Muzaffarjon Muzaffarov, 18-pen. (1:0), Kim Boyong, 58 (2:0)

3 iyul, shanba

AGMK – QO‘QON-1912 - 2:1 (0:0)

Olmaliq. OKMK sport majmuasi. 1234 tomoshabin.

Gollar: Sanjar Tursunov, 63-pen. (1:0), Shohnazar Norbekov, 67 (1:1), Ivan Yosovich, 70-o‘z darv. (2:1).

NAVBAHOR – ANDIJON - 0:1 (0:0)

Namangan. «Markaziy» stadion. 4731 tomoshabin.

Gol: Usmonali Ismonaliyev, 90+4 (0:1)

4 iyul, yakshanba

SURXON – BUNYODKOR - 1:5 (0:2)

Olmaliq. OKMK stadioni. 355 tomoshabin.

Gollar: Shaxboz Erkinov, 9 (0:1), Farruh Ikromov, 40 (0:2), Farruh Ikromov, 62 (0:3), Ibraxim Tomiva, 85 (0:4), Ibraxim Tomiva, 89 (0:), Husniddin G‘ofurov, 90+3 (1:5)

«PAXTAKOR» – «LOKOMOTIV» - 2:1 (1:0)

Toshkent. «Paxtakor» stadioni. 2300 tomoshabin.

Gol: Dragan Cheran, 45+2 (1:0), Sherzod Temirov, 70 (2:0), Azizbek Amonov, 90+2 (2:1)

NASAF – SO‘G‘DIYONA - 1:0 (0:0)

Qarshi. «Markaziy» stadion. 2852 tomoshabin.

Gol: Husayin Norchayev, 53 (1:0).

Ayni paytda turnir jadvalidagi xolat:

1.«Paxtakor» – 32 ochko,
2.AGMK – 25,
3.«So‘g‘diyona» – 23,
4.«Nasaf» – 20,
5.«Qizilqum» – 20, 
6.«Bunyodkor» – 18, 
7.«Metallurg» – 16,
 8.«Qo‘qon-1912» – 15, 
9.«Lokomotiv» – 15,
10.«Navbahor» – 14,
11.«Mash’al» – 9,
12.«Surxon» – 8, 
13.«Turon» – 7, 
14.«Andijon» – 7 ochko.

«Nasaf» va «Mash’al» ning 8-turdan qoldirilgan o‘yini 9 iyul kuniga belgilangan.

Chempionat to‘purarlari:

Husain Norchayev («Nasaf»), Shohruz Norxonov («So‘g‘diyona»), Dragan Cheran («Paxtakor») – 7 tadan.

Oybek YUNUSOV, O‘zA