Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Turon”da aktyorlik, “Iqtidor”da sozandalik sinovdan o‘tkazildi
14:51 / 2025-06-20

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktab teatr jamoalari o‘rtasida “Turon” hamda milliy cholg‘u san’ati bo‘yicha maktab ansambllari o‘rtasida “Iqtidor” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi Samarqandda o‘tkazildi.

“Turon” tanlovining yakuniy mamlakat bosqichida umumta’lim maktablarining 6-11-sinf o‘quvchilaridan iborat jamoalar o‘z maktablarini teatrlashtirilgan holda tanishtirish hamda 5 ta teatr san’atiga oid savolga javob berish va “ Teatr — ibratxona”shartida ma’lum bir asar asosida kichik sahna spektaklini namoyish etishi belgilangandi.  

Toshkent shahar Shayxontohur  tumanidagi 169-maktabning “Yangi O‘zbekiston jadidlari” jamoasi ushbu shartlarni eng yaxshi bajargan jamoa deb topildi. Ular Turkiyaga ta’lim sayohatini amalga oshirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Yangi yulduzlar” jamoasi ikkinchi, Buxoro viloyati Kogon shahridagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Elegant” jamoasi uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.  

Umumta’lim maktablarining milliy cholg‘u san’atiga qiziqishi yuqori bo‘lgan 6-10-sinf o‘quvchilarini o‘zida jamlagan “Iqtidor” tanlovida ham ishtirokchilar o‘rtasida bahs qizg‘in kechdi. Milliy cholg‘u sozlarini mahorat bilan chalgan yosh sozandalar muxlislar, mutaxassislar e’tirofi va olqishiga sazovor bo‘ldi.  

Mazkur tanlovda birinchi o‘rin Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 46-maktabning "Yosh havaskorlar" jamoasiga nasib etdi. Nizomga muvofiq, tanlov g‘oliblariga Ozarbayjon Respublikasiga ta’lim sayohati uchun yo‘llanma berildi.

Keyingi sovrinli o‘rinlar Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-IDUMning “San’at g‘unchalari” va Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Shodiyona” jamoalariga nasib etdi.

[gallery-23970]

Tanlovlarda sovrindor bo‘lgan jamoalar ham tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari