Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda o‘zining yangi loyihasi bilan milliy kompaniyalarni tashkil etayotgan ishbilarmonlarning safi ko‘payib bormoqda. Buni raqamlar misolida kuzatadigan bo‘lsak, o‘tgan bir yilda Respublikada kichik biznes vakillari soni 40 mingtagacha oshib 490 mingga yetgan bo‘lsa, o‘rta tadbirkorlar 10 ming nafarni, yirik korxonalar esa 1,5 mingtani tashkil etdi.
Albatta, ularning safida 33 yildan buyon tashabbuskorlarning ishonchli va barqaror hamkori bo‘lib kelayotgan “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki mijozlari ham mavjuddir. Moliya muassasasi o‘zining Respublika miqyosidagi 21 ta Bank xizmatlari markazi va 72 ta ofisi orqali bugungi kunda 32 mingdan ziyod yuridik shaxslarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Bu haqida Milliy matbuot markazida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan “Turonbankning biznes hamkorlari yirik brendlarga asos solmoqda” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, bank tomonidan joriy yilning hozirgi kuniga qadar 925 ta ishbilarmonning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab – quvvatlash maqsadida 1,4 trln. so‘mlik kreditlar ajratildi. Shundan 225 mlrd. so‘mi kichik biznes vakillariga, 65,4 mlrd.so‘mi ayollar tadbirkorligiga, 184,8 mlrd. so‘mi o‘zini – o‘zi band qilgan yoshlar startaplariga va 955,8 mlrd. so‘mi boshqa turdagi kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu manfaatli hamkorlik natijasida ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilib, milliy brendlar soni ko‘paymoqda.
Shuningdek, bugungi kunda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki ko‘plab yirik korxona va tashkilotning ishonchli hamkoriga aylangan.
–Buni aniq raqamlarda kuzatadigan bo‘lsak, 2017 yildan buyon “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi qariyb 20 ta yirik GESlarni modernizatsiya qilish va yangi kichik GESlarni qurishga 207,6 mln. AQSH dollari hamda 54 mln. YeVRO miqdorida xalqaro moliya liniyalari hisobidan kredit ajratilgan, – deydi “Turonbank” ATB Boshqaruv Raisining o‘rinbosari Dilshod Rustamov. –Buning natijasida ayni vaqtda mazkur GESlardan 2 mlrd. 300 mln KvT/s elektr energiyasi ishlab chiqarilib hududlarni ta’minlamoqda. Agarda har bir oila oyiga taxminan 400 KvT/s elektr energiyasini sarf qilsa, bu qariyb 500 mingga yaqin xonadonlarga elektr energiyasi taqdim etilganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, odamlarga “Sirdaryo Kafel” nomi bilan tanilgan “Peng Sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ham bankning yirik mijozlaridan biri hisoblanadi. Ish boshlagan vaqtida umumiy qiymati 26 mln. AQSH dollari bo‘lgan loyihaning bugungi investitsion imkoniyati 100 mln. AQSH dollariga chiqqan.
Yangi ish o‘rinlari 2 mingdan oshdi. Avvaliga faqatgina kerakmik kafel ishlab chiqarilgan bo‘lsa, Turonbank moliyaviy ko‘magi bilan santexnika mahsulotlari, qayta ishlangan va ishlov berilgan terilar, dekor panellari, tomchilatib sug‘orishda foydalaniladigan yelim quvurlar, mahsus suv o‘tkazgichlar va plyonkalar, ayollar va erkaklar poyabzallari, charm buyumlar kabi 15 ta loyiha tashkil etildi.
Ishlab chiqarish maydoni 100 gektarga yetkazilib, mahsulotlar eksporti MDH davlatlari, Xitoy va Yevropagacha cho‘zildi. Ahamiyatlisi joriy yilning aprel oyida Davlatimiz rahbari ushbu korxonaning qiymati 10 mln. AQSH dollari bo‘lgan 2 ta yangi loyihasiga ham shaxsan start berdilar. Ular marmar toshlaridan 40 turdagi tayyor mahsulot tayyorlash va terining chiqindiga chiqarib yuboriladigan “oksil” qismidan jelatin ishlab chiqarishdir.
Yirik mijozlarimiz haqida so‘z ketganda, albatta, “SAG” brendi ostidagi gilamlari bilan tanilgan kompaniyani ham aytib o‘tishimiz kerak. Ular ham Turonbank mijozi bo‘lib, Sobiq Ittifoq vaqtida mashhur bo‘lgan “Xiva gilam kombinat”ni qayta rebrending qilishga erishishdi.
Turonbank kreditlari evaziga bugungi kunda 12 gektar maydonda 800 ming dizayn asosida 300 turdagi gilam mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Fabrika dunyoga gilam yetkazib berish bo‘yicha Turkiya va Eron kabi liderlar qatoridan joy olmoqda. Xattoki, AQSHda ham o‘zining savdo uyiga ega.
–Ko‘pchilik “Lochin” nomi bilan o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan yuk tashuvchi mototsikllarni ko‘rgan yoki eshitgan bo‘lishi kerak, – deydi “Turonbank” ATB Kichik va o‘rta biznes departamenti boshqarma boshlig‘i Ravshan Fayziyev. – Avval asosan valyutaga Xitoydan import qilingan ushbu transportni “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki mijozi “Real Moto” korxonasi ishlab chiqarishni boshladi. Ajratilgan kreditlar evaziga olib kelingan texnologiyalar shu kabi yuk mototsikllari va kvadratsiklar shuningdek ehtiyot qismlarni yiliga 12 ming donada tayyorlash imkonini bermoqda. Hozirda qo‘shni respublikalarga ham eksport boshlangan. Bugun ko‘pchilik chet elning emas balki o‘zimizning vodiy Namanganda tikilgan kastyum va pidjaklarni xarid qilishga odatlanmoqda. Xattoki, ular bugun jahon brendlari uchun ham mahsulot yetkazib berishmoqda. Mana masalan ularning eng yirigi Turonbankning mijozi bo‘lgan "Fazman" tekstil korxonasidir. Qariyb 12 gektar maydonda joylashgan zamonaviy fabrika yiliga 350 ming dona kastyum va pidjak, 525 ming dona palto, kurtka, klassik shim, ko‘ylak va nimcha ishlab chiqarish quvvatiga egadir. Turonbank ajratgan kreditlar evaziga ular yangi dastgohlar va texnologiyalar olib kelib, bugun MDH, Turkiya va Yevropa davlatlarining ilg‘or brendlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda hali anologi bo‘lmagan, shisha tolasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Folke Porshe” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab AQSHgacha eksport qilayotgan “Berad Agro” kompaniyasi, O‘zbekistonga import qilinayotgan dizel mahsulotlarini mahalliylashtirishni boshlagan “Moxsar” neftni qayta ishlash zavodi, “Smart” nomi ostida chiqayotgan televizorlarni ishlab chiqaruvchi korxona xullas yana o‘nlab shunday yirik tashkilotlar Turonbankning kreditlari evaziga yildan – yilga rivojlanib borishmoqda.
Ularning ish samaradorligini oshirish va biznes loyihalarini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning hozirgi kuniga qadar ham salkam 1,5 trln. so‘mlik kreditlar ajratildi. Mana shu singari ishbilarmonlarimizning katta hajmdagi invest loyihalarini moliyaviy qo‘llab – quvvatlash maqsadida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bir qator xalqaro moliya institutlari bilan ham uzviy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Turkiyaning Eksimbanki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Xitoyning Eksimbanki, Germaniyaning “AKA” banki, Chexiyaning CSOB banki va boshqa tashkilotlar shular jumlasidandir. Ular orqali “Qishloq xo‘jaligi”, “Chorvachilikni rivojlantirish”, “Oziq – ovqat mahsulotlarini qayta ishlash”, “To‘qimachilik va tekstil”, “Meva – sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish”, “Turizm”, “Xizmatlar sohasi” hamda “Hunarmandchilik” kabi o‘nlab yo‘nalishlarga xorijiy kredit liniyalari o‘zlashtirilmoqda. Xususan, hozirgi kunga qadar 1000 dan ortiq 270 mln. dollarlik loyihalar moliyalashtirildi.
Albatta, endigina o‘z biznesini boshlayotgan yoki kapitallashuv darajasini oshirish istagida bo‘lgan kichik biznes sub’ektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga korporativ kreditlar, depozitlar, valyuta amaliyotlari, hisob – kitob va g‘azna xizmatlari, shuningdek, onlayn banking eng muhim vosita hisoblanadi. Ayni shu jihatni inobatga olgan holda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankida ham mazkur yo‘nalishlarning barchasi mavjud.
Birgina yuridik shaxslarni kreditlash yo‘nalishini olsak. Bugungi kunda moliya muassasasi tomonidan ularga “Aylanma mablag‘larni to‘ldirish”, “Ishlab chiqarishni qo‘llab - quvvatlash”, “Mikrokreditlash”, “Invest loyihalarni rivojlantirish”, tender savdolarida qatnashishlari uchun “Bank kafolati”, “Eksport amaliyotlarini bajarish” hamda quyosh panellari “Eko panel” nomli mahsulotlar taqdim etilmoqda.
Shuningdek, yuridik shaxslarning bo‘sh turgan sarmoyalarini yuqori foyda bilan xavfsiz ko‘paytirish maqsadida milliy valyutada 20%dan, xorijiy valyutada esa 7 foizdan depozitlar taklif etilmoqda. Qolaversa, ishbilarmonlarimizning vaqtlari va mablag‘larini tejash maqsadida, bank tomonidan ular uchun hisobraqamlarga masofadan xizmat ko‘rsatuvchi maxsus “TuronBusiness” mobil ilovasi, “SMS va Internet banking” xizmati singari dasturlar ham ishga tushirilgan. Bugungi kunda mazkur kulaylikdan qariyb 48 ming nafar yuridik mijozlar foydalanishmoqda.
Shu o‘rinda yana bir jihatni qo‘shimcha qilish lozim. Davlatimiz rahbarining “2020 — 2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator tijorat banklari qatori “Turonbank” aksiyadorlik tijorat bankida ham keng qamrovli transformatsiya boshlangan. Uning doirasida Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan hamkorlik o‘rnatilib, bankning biznes jarayonarini takomillashtirish ishlari olib borildi.
[gallery-15008]
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, dastlabki eng katta o‘zgarish bu eski dasturdan voz kechib har tomonlama mukammal ishlangan “Colvir Banking System” avtomatlashtirilgan bank tizimiga o‘tilgani bo‘ldi. Uning doirasida barcha hududiy bo‘linmalar yagona MFOga o‘tkazilib, tadbirkorlarga hisobraqamlarini Respublikaning istalgan hududidagi Turonbank markazlarida bajarish imkoni berildi.
Qolaversa, transformatsiya davomida ofislar ish jarayonlari optimallashib, kichik va o‘rta biznes bilan shug‘ullanuvchi alohida departament ham tashkil etildi. Bu esa yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligining oshishiga olib keldi.
“Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki kelgusi yillarda ham ishbilarmonlarning istiqbolli loyihalari yanada rivoj topishi, tashabbus va g‘oyalarining ro‘yobga chiqishida doim ko‘makchi va yelkadosh bo‘lib keladi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga mutaxassislar batafsil javob qaytardi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA
Reklama huquqi asosida