Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Turonbank” ko‘magida yaratilgan yangi brendlar...
15:31 / 2023-08-14

“Turonbank” ATB jurnalist va blogerlar uchun Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va sanoat korxonalariga Press-tur tashkil etdi.

OAV vakillari tanishgan dastlabki manzil O‘zbekistonda noyob hisoblangan, amaliy tibbiyotda yuqori texnologiyali molekulyar genetik yondashuvlarni joriy etgan “Genotexnologiya” klinik laboratoriyasi bo‘ldi. Xususiy tibbiyot muassasasi 2015 yildan buyon xromosoma, irsiy genetik va onkogematolik kasalliklar, trombofiliya bilan og‘rigan bemorlarga aniq tashxislar qo‘yib kelmoqda. Shuningdek, keng ko‘lamli molekulyar genetik, sitogenetik va klinik qon tekshiruvlari amalga oshirilayapti.

– Klinikamizda 10 mingdan ortiq tekshiruvlar o‘tkaziladi, – deydi “Genotexnologiya” korxonasi rahbari Jamoliddin Xo‘jahmedov. – Tibbiyot muassasasidagi barcha zamonaviy texnologiyalar Yevropaning ko‘plab davlatlaridan keltirilgan bo‘lib, asosan sun’iy intellekt dasturida ishlaydi va shuning uchun ham tekshiruv natijalariga inson omili aralashmaydi. Bugungi kunda bu yerda umumiy hisobda 1500 dan ortiq tahlil turlari mavjud. Shuningdek, 100 nafarga yaqin malakali shifokorlar bu borada aholiga xizmat ko‘rsatadi. Qolaversa, klinika yuqori texnologiyali usullardagi operativ muolajalarni kengaytirish bo‘yicha taraqqiy etgan mamlakatlardagi yetakchi shifoxonalar bilan ham o‘zaro tajriba almashish ishlari olib bormoqda. Xususan, Rossiya, AQSH, Germaniya, Isroil, Buyuk Britaniya, Hindiston singari davlatlarning yetakchi tibbiy-ilmiy markazlari bilan xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlanib, jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalari chuqur o‘rganilmoqda. Kardiologiya, endokrinologiya, ginekologiya va boshqa yo‘nalishlarda yangicha operativ davolash amaliyotlarini joriy etilyapti. Tushmush qurmoqchi bo‘lgan yoshlar geni bir-biriga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, shu bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkaziladi. Qolaversa, sog‘lom farzand dunyoga keladimi, buni ham tekshiruvdan o‘tkazamiz.

2015 yilda ish boshlagan mazkur brendning asosiy hamkori “Turonbank” ATB hisoblanadi. Hozirga qadar korxonaga moliya muassasasi tomonidan umumiy hisobda 10 mlrd. 500 mln. so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan. Bu mablag‘lar evaziga esa klinika o‘z moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlab, MDH va Yevropa mamlakatlaridan zamonaviy tibbiyot texnologiyalari hamda asbob-uskunalarini xarid qilgan.

Press tur davomida “NVA” korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.

“NVA” qo‘shma korxonasi 1999 yildan buyon O‘zbekiston elektrotexnika sanoati uchun o‘zining keng tarmoqli xizmat hamda mahsulotlarini taqdim etib kelmoqda. Zavod qariyb 6 gektar maydonda joylashgan. U yerda 100 nafarga yaqin texnolog muhandislar tomonidan kichik va katta kuchlanishda ishlovchi elektr asbob-uskunalari, 0,4 kilovattdan 110 kilovattgacha bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi zamonaviy podstansiyalar, kabel hamda simlarni kompleks montaj qilishda ishlatiladigan buyumlar, tejamkor va zamonaviy ko‘rinishdagi yuqori quvvatli elektr isitish qozonlari, shuningdek, elektr energiyasini qabul qilish hamda taqsimlashga mo‘ljallangan past va yuqori voltli uskunalar, xullas, 100 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Aslida elektrotexnika mahsulotlari asosan rivojlangan xorij davlatlaridan hozirga qadar bizga import shaklida kirib kelgan bo‘lib, sarf-xarajatlarning birmuncha ortishiga sabab bulgan. NVA korxonasining intiluvchan yoshlari esa Prezidentimiz tomonidan yaratilgan sharoitlar natijasida ko‘plab mahsulotlarni mahalliylashtirishga erishishdi. Mana, masalan, xonadonlar uchun mo‘ljallangan gazli va elektr isitish qozonlari hamda vakuumli uchirgichlar.

Mahsulotlarning yillik ishlab chiqarish hajmi 700 mlrd. so‘mga teng bo‘lib, bugungi kunda zavodda 100 nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ahamiyatlisi, korxona hozirga qadar juda ham ko‘plab yirik loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmatlari bilan ishtirok etib kelmoqda. Xususan, ulardan biri Toshkent shahridagi yer usti halqa metro liniyasi qurilishiga elektr uskunalarini yetkazib berganligidir. Shuningdek, Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida markazlashtirilgan isitish tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish kompleksini ham sifatli mahalliy uskunalar bilan ta’minlangan.

“Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bilan hamkorlik 2013 yildan boshlangan bo‘lib, moliya muassasasi korxonaning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib kelmoqda.

Press-turning so‘nggi manzili Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Melek” brendi ostida mehnat qilayotgan zavod bo‘ldi.

Barchaga ma’lum, kefir, ryajenka, yogurt, qaymoq, smetana, tvorog va pishloq singari sigir sutidan tayyorlanadigan mahsulotlarni barchamiz sevib iste’mol qilamiz. Sababi, ularning tarkibida oqsil, yog‘, uglevod, vitaminlar, gormonlar, fermentlar, kamyob aminokislotalar, kalsiy va fosfor kabi 200 xildan ziyod himoyalovchi organik hamda mineral moddalar bor.

Turgan gapki, bu elementlar inson organizmidagi moddalar almashinuv jarayonida qatnashib, qon ivuvchanligini yaxshilaydi. Markaziy asab tizimi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Bugun yurtimizda shu singari sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni yildan-yilga ko‘payib, taklif etilayotgan tovarlarning turi va xili oshib bormoqda.

“Turonbank” ATBning moliyaviy ko‘magi bilan o‘z biznesini kengaytirgan “Diyora Fayz Gulshani” mas’uliyati cheklangan jamiyat shular jumlasidandir.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Melek” brendi ostida ochilgan zavod 5.2 gektar maydonni egallagan yirik sanoat hududini tashkil etadi. Moliya muassasasi tomonidan taqdim etilgan kredit evaziga korxona ishlab chiqarish jarayoniga Turkiya va Xitoy davlatlarining sutni qayta ishlash va sog‘ish, ularni saqlash hamda biogaz ishlab chiqarish kabi zamonaviy texnologiyalarni jalb qildi. Shu bilan birga, Germaniya mamlakatidan 800 bosh qoramol olib keldi. Hozirgi kunda 1000 boshdan ortiq naslli qoramollar Yevropa standartlariga mos ravishda boqilmoqda. Natijada 50 xildagi yuqori sifatli sut va sut mahsulotlari, un mahsulotlari hamda kungaboqar yog‘i ekologik toza xom ashyolar asosida ishlab chiqarila boshlandi. Zavodning quvvati esa soatiga 10 tonna sutni qayta ishlash, yiliga 23-24 tonna pishloq, 19-20 tonna sut mahsulotlari, 60-70 tonna sariyog‘ tayyorlashga yetadi.

Turkiyaning “Most” firmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarishning to‘liq avtomatlashtirilganligi esa sut sog‘ib olish jarayonlarini toza amalga oshirish imkonini berdi. Shuningdek, ularni filtrlash va muzlatkichlarda saqlash ham zamonaviy uskunalar orqali bajarilmoqda. Ahamiyatli jihati, jahon standartlariga to‘liq javob beruvchi bunday naslli qoramol boqish tizimi O‘zbekistonda yagonadir.

Bundan tashqari, zavodda kalsiy tuziga boy, yuqori qiymatli ozuqa mahsuloti hisoblanmish “Gauda”, “Mozarella”, “Labne” singari qattiq va yumshoq navli pishloqlarni ishlab chiqaruvchi sex ham ishga tushirilgan. Undagi yuqori sifatli mahsulotlar esa Italiya, Shveysariya, Fransiya, Germaniya kabi yirik pishloq tayyorlovchi kompaniyalarnikidan hech ham qolishmaydi.

– Zavodimizga 2017 yil poydevori qo‘yilgan bo‘lib, bozorga to‘laqonli ravishda 2021 yilda zavodimiz tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha mahsulotlar yetkazilib berilishi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Melek best milk agro” bosh direktori Obidjon Karimberdiyev. – Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda biznesni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar, har qanday ishbilarmonga shijoat bag‘ishlamoqda. Yaratilgan sharoitlardan unumli foydalangan holda xalqimiz uchun sifatli bo‘lgan sut mahsulotlarini taqdim etishga qaror qildik. Zavodimizda bir kunda 150 tonna mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Loyihamiz ko‘p tarmoqli bo‘lgani uchun katta quvvatda ishlovchi zavodni qurishga kirishdik. Bunda bizga “Turonbank” ATBning moliyaviy ko‘magi juda qo‘l keldi. Ya’ni, bugun aholimiz sevib iste’mol qilayotgan “Melek” brendi ostidagi sut va sut mahsulotlari, un hamda kungaboqardan o‘simlik yog‘i mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun eng zamonaviy uskunalar va zotli qoramollarni xarid qildik. Natijada tez fursatda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ayni payt 50 xil mahsulotlar mavjud bo‘lsa, yaqin yillarda ularning sonini 70 taga yetkazish rejalashtirilyapti. Asosiy maqsad ham aslida shu edi. Qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlab, hamkorlikda import o‘rnini bosuvchi, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etish. Bu jarayonlarda esa “Turonbank” ATB faol qatnashib, o‘z biznes rejalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan tashabbuskorlarni ham huquqiy ham moliyaviy qo‘llab- quvvatlab kelmoqda.

Press turda “Turonbank” ATB moliyaviy ko‘magi bilan ko‘plab tadbirkorlar biznesini kengaytirayotganiga amin bo‘ldik.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA