Nukusda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, harbiy-amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida hududlardan saralangan jami 21 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Ishtirokchilar bir nechta murakkab va mas’uliyatli shartlar asosida bellashdi. Xususan, “Temur tuzuklari” bilimdoni sharti orqali o‘quvchilarning tarixiy bilimi va mantiqiy tafakkuri sinovdan o‘tkazildi. Kamondan o‘q otish, sport qurolidan nishonga aniq zarba berish, qurolni to‘liq bo‘lmagan qismlarga ajratish va qayta yig‘ish kabi harbiy-amaliy yo‘nalishdagi bellashuvlar esa yoshlarning chaqqonligi, aniqligi va jismoniy tayyorgarligini namoyon etdi. Shuningdek, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish sharti orqali favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tez harakat qilish ko‘nikmalari baholandi.
Musobaqa davomida jamoalar o‘zaro hamjihatlik, intizom va yuksak mas’uliyat namunasini ko‘rsatdi. Har bir shart hakamlar hay’ati tomonidan adolatli va shaffof mezonlar asosida baholab borildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida eng kuchli jamoalar aniqlandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra birinchi o‘rinni Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabining “Lochinlar” jamoasi, ikkinchi o‘rinni Qorao‘zak tumani ixtisoslashtirilgan maktabning “Terbenbes” jamoasi, uchinchi o‘rinni Nukus shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat jamoasi egalladi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Lochinlar” jamoasi musobaqaning O‘zbekiston Respublikasi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.