Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turon musiqasi qanday qilib Tan imperiyasi saroylarini zabt etgan?
15:23 / 2025-11-08

Tarixda qudratli imperiyalar ko‘pincha o‘z madaniyatini zabt etilgan hududlarga tarqatish orqali ta’sirini mustahkamlagan. Biroq Tan sulolasi davridagi Xitoy misolida biz butunlay aksincha, hayratlanarli jarayonga guvoh bo‘lamiz: buyuk imperiyaning o‘zi Turon, xususan, Samarqand va Buxoro musiqa san’atining kuchli ta’siri ostida qoldi. Bu mintaqadan kirib kelgan kuylar, raqslar, cholg‘u asboblari va hatto musiqa nazariyasi nafaqat oddiy xalq orasida, balki imperator saroyida ham shu qadar ommalashdiki, ular Tan davri musiqa madaniyatining ajralmas qismiga aylandi. Bu tarixiy fenomen ajdodlarimizning nafaqat mohir savdogar yoki hunarmand, balki dunyo san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkorlar bo‘lganini ham isbotlaydi.

VIII asrga kelib, Xitoyning ommabop musiqasi Markaziy Osiyoning shahar-davlatlari musiqasiga juda o‘xshab qoldi. Hatto imperator Syuan-szun davrining eng mashhur musiqa asari, afsonalarga burkangan “Kamalak libos, Patlar libosi” ham aslida Markaziy Osiyodan kirib kelgan “Brahman” nomli kuyning qayta ishlangan varianti edi. Bu shuni ko‘rsatadiki, Tan imperiyasining rasmiy mafkurasi doirasida Turon, Hindiston va Koreya musiqiy uslublari an’anaviy xitoy musiqasi bilan faol ravishda qorishtirilgan. Bu jarayon o‘z-o‘zidan yuz bermagan, balki yuksak san’atga bo‘lgan talab va ehtirom natijasi edi.

Amerikalik xitoyshunos olim Eduard Sheferning “Samarqandning oltin shaftolilari” asarida ta’kidlanishicha, oddiy fuqarolardan tortib yuqori tabaqa vakillarigacha turonlik musiqachilar guruhining “nog‘ora raqsi” kuylariga ishqiboz edi. Ushbu musiqachilar ishlatgan cholg‘u asboblari ham Xitoyda eng ommabop asboblarga aylandi. Ular orasida eng muhimi, to‘rt torli, egik bo‘yinli ud cholg‘usi edi. Uning sozlanishi va chalinish uslubi Tan davri ommabop musiqasining yigirma sakkizta asosiy pardasi va ulardan kelib chiqqan kuylar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Shuningdek, surnay va nay kabi cholg‘ular ham Turon orqali Xitoyda keng tarqaldi. Lekin ushbu cholg‘ular ichida eng sevimlisi kichik nog‘ora edi. Bu cholg‘u shu qadar mashhur ediki, hatto buyuk imperator Syuan-szunning o‘zi ham, ko‘plab boshqa aslzodalar qatori, bu nog‘orada chalishni mohirona o‘zlashtirgan edi.

Markaziy Osiyolik musiqachilarning mahorati shu darajada yuqori ediki, ular nafaqat ijrochi, balki eng talabgir ustozlar sifatida ham qadrlanardi. Ayrim cholg‘u asboblarini mukammal o‘rganish uchun madaniyatli inson albatta xorijlik, ya’ni Markaziy Osiyolik ustozdan ta’lim olishi shart, deb hisoblanardi. Buxorolik aktyor, Samarqandlik naychi, Xo‘tanlik surnaychi, Toshkentlik raqqosa yoki Kushonlik bastakor – ularning barchasi Uzoq Sharqda doimo yuqori maoshli ish bilan ta’minlangan edi. Manbalarda VIII asrda yashagan mohir xitoylik ud chaluvchi haqida bir hikoya keltiriladi. Uning ijrosidan hayratlangan tinglovchilardan biri undan: “Ustozingiz qaysi mamlakatdan?” deb so‘raydi. Bu savolning o‘zi o‘sha davrdagi musiqiy ta’limning eng yuqori standarti Markaziy Osiyolik ustozlar bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi.

Bu tarixiy faktlar ajdodlarimizning madaniy merosi nafaqat o‘z hududimizda, balki xalqaro miqyosda ham qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lganini yaqqol namoyon etadi. Turon sadolari buyuk imperiya saroylarida yangragani, uning cholg‘u asboblari imperatorlar tomonidan chalingani, uning musiqachilari esa eng mohir ustozlar sifatida e’zozlangani – bularning bari bizning madaniyatimiz tarixidagi yorqin sahifalardandir. Bu meros bizga san’atning chegara bilmasligini, haqiqiy iste’dod har qanday siyosiy yoki jug‘rofiy to‘siqlarni yengib o‘tib, butun dunyoni zabt etishi mumkinligini eslatib turadi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA