O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan “Turon" kutubxonasi va Abdulla Qodiriy ijod maktabi bilan birgalikda “Qaramlik, qatag‘on va millat” umummilliy ilmiy yig‘ini tashkil etildi.
Ilmiy yig‘in avvalida Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo bugungi ilmiy yig‘in ahamiyati, milliy ozodlik yo‘lida siyosiy faoliyat olib borgan jadidlarimizning va jadidchilik faoliyatining maqsadi haqida batafsil so‘zladi.
Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov "Turkiston jadidchiligining mazmun-mohiyati. Sovet hokimiyatining "katta terror" siyosati" ma’ruzasida sovet hokimiyatining genotsid siyosati, 1938 yilgi qatag‘on haqida ma’lumotlar berdi.

Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova "Jadidchilik va "o‘zbek tili" qatag‘oni" mavzusida so‘zga chiqib, jadidlarning ona tilini saqlash borasidagi harakatlari, maktablarda ona tilini o‘qitish masalasi, "Chig‘atoy gurungi" va O‘zbek tili qatag‘oni haqida fikr bildirdi.
Muloqot davomida e’tirof etilganidek, keyingi yillarda milliy tariximizning o‘qilmagan sahifalarini batafsil o‘rganish yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bunday ezgu ma’rifiy ishlarga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti ham munosib hissa qo‘shmoqda. Vatanimiz o‘tmishi, ayniqsa, uning hali o‘qilmagan sahifalarini tadqiq etish, ushbu izlanishlar natijasini yoshlarga ravon, hayotiy misollar yordamida tushuntirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Joylardagi oliy o‘quv yurtlari, maktablar, kutubxonalar, mahallalarda tarixchi olimlar ishtirokida muloqotlar, jadid bobolarimiz hayoti va ijodiga, faoliyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, anjumanlar, ilmiy yig‘inlar tizimli tarzda o‘tkazilayotir.
Bularning bari Vatanimiz tarixini to‘laqonli anglash, tinch, osuda, erkin va yorug‘ hayotning qadriga yetishga undaydi.
N.Usmonova,
O‘zA